Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati mamlakatdagi barcha radarlar va qo‘zg‘almas foto-video qayd etish qurilmalarini tekshiruvdan o‘tkazmoqda. Bunga ijtimoiy tarmoqlarda radarlar tezlikni oshirib ko‘rsatayotgani haqidagi shikoyatlar sabab bo‘ldi. Tezlik uchun jarima 440 ming so‘mdan 6,6 million so‘mgacha bo‘lgani uchun noto‘g‘ri o‘lchov haydovchiga qimmatga tushishi mumkin.
Radarlar nima uchun tekshirilmoqda?
Tekshiruv radarlar tezlikni haqiqatdagidan yuqori qayd etayotgani va ayrim joylarda noqonuniy ishlatilayotgani haqidagi xabarlardan keyin boshlandi.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qilishicha, qurilmalar barcha hududlarda maxsus jihozlangan avtomobillar yordamida tekshirilmoqda. Ishga O‘zbekiston milliy metrologiya instituti mutaxassislari ham jalb qilingan. Radarning texnik talablarga mosligi, tezlikni qanchalik aniq o‘lchashi va qonuniy o‘rnatilgani ko‘rib chiqiladi.
Tekshiruv natijalari hozircha rasman e’lon qilinmagan. Kamchilik aniqlansa, mas’ul shaxslarga nisbatan choralar ko‘rilishi aytilgan.
Tezlikni oshirganlik uchun jarima qancha?
Jarima tezlik qanchaga oshirilganiga qarab 1 BHMdan 15 BHMgacha, ya’ni hozirgi BHM (440 ming so‘m) bo‘yicha 440 ming so‘mdan 6,6 million so‘mgacha belgilanadi.
Bu miqdorlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1283-moddasida belgilangan. Jarimani 15 kun ichida to‘lasangiz 50 foizi, 30 kun ichida to‘lasangiz 70 foizi undiriladi (kodeksning 3321-moddasi). Quyidagi jadvalda so‘mdagi miqdorlarni hisoblab chiqdik:
| Tezlik oshirilgan miqdor | Jarima | To‘liq | 15 kunda (50%) | 30 kunda (70%) |
|---|---|---|---|---|
| 20 km/soatgacha | 1 BHM | 440 000 | 220 000 | 308 000 |
| 20–40 km/soat | 5 BHM | 2 200 000 | 1 100 000 | 1 540 000 |
| 40–60 km/soat | 9 BHM | 3 960 000 | 1 980 000 | 2 772 000 |
| 60 km/soatdan ortiq | 15 BHM | 6 600 000 | 3 300 000 | 4 620 000 |
Boshqa jarimalarni ham BHM kalkulyatori orqali so‘mga aylantirib ko‘rish mumkin.
Radar bir necha kilometrga adashsa, bu qancha pulga tushadi?
Ba’zan bir necha kilometrlik farq jarimani 1 BHMdan 5 BHMga, ya’ni 440 ming so‘mdan 2,2 million so‘mga ko‘tarib yuborishi mumkin.
Qonunda qurilma va spidometr xatoligini hisobga olib, qayd etilgan tezlikdan soatiga 5 kilometr chegirib tashlanishi belgilangan. Misol uchun, ruxsat etilgan tezlik 70 km/soat bo‘lgan yo‘lda radar 96 km/soat qayd etsa, 5 km chegirilgach 91 km/soat qoladi. Bu 21 km/soatlik oshirish bo‘lib, 5 BHM — 2,2 million so‘m jarima.
Agar radar tezlikni 3 km/soatga oshirib ko‘rsatgan bo‘lsa (haqiqatda 93 km/soat), chegirmadan keyin 88 km/soat qoladi. Bu 18 km/soatlik oshirish — 1 BHM, ya’ni 440 ming so‘m. Shu bitta holatda farq 1,76 million so‘mni tashkil etadi. Shuning uchun chegaraga yaqin qayd etilgan holatlarda qaror tafsilotlarini diqqat bilan tekshirish kerak.
Jarima noto‘g‘ri deb hisoblasangiz nima qilish kerak?
Jarima to‘g‘risidagi qaror nusxasini olgan kundan boshlab 10 kun ichida shikoyat berishingiz mumkin (kodeksning 316-moddasi).
- Qarordagi ma’lumotlarni tekshiring: avtomobil raqami, joy, vaqt, ruxsat etilgan va qayd etilgan tezlik.
- Qarorda shikoyat berish muddati va tartibi ko‘rsatilishi shart (kodeksning 309-moddasi) — shikoyatni o‘sha tartibda yuboring.
- Dalil to‘plang: videoregistrator yozuvi, navigator yoki GPS ma’lumotlari, guvohlar.
- Muddatni uzrli sabab bilan o‘tkazib yuborgan bo‘lsangiz, uni tiklashni so‘rash mumkin — sababni hujjat bilan asoslang.
Foto-video orqali qayd etilgan qoidabuzarlik uchun javobgarlik avtomobil egasiga yuklanadi. Biroq shikoyat ko‘rib chiqilganda o‘sha paytda mashinani boshqa shaxs boshqargani aniqlansa yoki avtomobil egasining ixtiyoridan qonunga xilof ravishda chiqib ketgan bo‘lsa, egasi javobgarlikdan ozod qilinadi (171-modda). To‘lanmagan jarimalar oqibati haqida jarima 60 kunda to‘lanmasa nima bo‘lishi haqidagi maqolamizda yozganmiz.
Shikoyat qilsangiz, 50 foizlik chegirma saqlanadimi?
Yo‘q. Qaror ustidan shikoyat yoki protest berilsa, jarimani yengillashtirilgan tartibda (50 yoki 70 foiz) to‘lash imkoniyati qo‘llanilmaydi.
Demak, qaror qilishdan oldin hisoblab ko‘rish kerak. Masalan, 5 BHMlik jarimani 15 kun ichida 1,1 million so‘mga yopish mumkin. Shikoyat rad etilsa, to‘liq 2,2 million so‘m to‘lanadi — ya’ni 1,1 million so‘m ortiqcha. Dalilingiz kuchli bo‘lsa, shikoyat o‘zini oqlaydi; aks holda chegirmadan foydalanish arzonroq bo‘lishi mumkin.
Shuni ham bilish kerakki, foto-video orqali qayd etilgan holatda jazo qoidabuzarlik sodir bo‘lgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay qo‘llanishi kerak. Yaqinda mobil radarlar oldiga “Radar” belgisini qo‘yish talabi ham bekor qilingan edi.


