Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 994.10 +6.94 EUR 13 420.20 +26.95 RUB 145.79 −0.50

Olimlarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi o‘zgardi: Science ID orqali 10 foizgacha ustama

Olimlarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi o‘zgardi: Science ID orqali 10 foizgacha ustama

O‘zbekistonda ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq belgilash tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda olimlarning ilmiy faoliyati natijalarini elektron bazada tasdiqlash talabi joriy etilmoqda. Shuningdek, Science ID orqali yuqori ilmiy faollik ko‘rsatgan mualliflarga lavozim maoshining 10 foizigacha qo‘shimcha haq belgilash nazarda tutilgan.

Bu Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-son qarori bilan belgilandi. Hujjat orqali ilmiy darajali xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lashga oid 1030-son qarorga o‘zgartirishlar kiritilgan.

Qo‘shimcha haq qanday belgilanadi?

Yangi tartibga ko‘ra, xodimlarning ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati natijalari Innovatsion rivojlanish agentligining elektron kutubxonasiga kiritiladi.

Ushbu ma’lumotlar mas’ul mutaxassislar tomonidan tekshiriladi va tasdiqlanadi. Shundan so‘ng ular yagona elektron bazada jamlanadi.

Bazaga kiritilgan va tasdiqlangan ma’lumotlar qo‘shimcha haq belgilashda tashkilotning ishchi komissiyasi hamda kollegial organi uchun asosiy axborot manbai hisoblanadi.

Tasdiqlanmagan ilmiy natijalar esa qo‘shimcha haq belgilashda inobatga olinmaydi.

Science ID orqali 10 foizgacha ustama

Qarorga ko‘ra, Science ID tizimi orqali yuqori ilmiy faollik ko‘rsatgan har bir muallifga lavozim maoshining 10 foizigacha qo‘shimcha haq belgilash mezoni kiritildi.

Bu barcha ilmiy darajali xodimlarning maoshi avtomatik ravishda 10 foizga oshiriladi degani emas. Qo‘shimcha haq ilmiy faoliyat natijalari va belgilangan mezonlar asosida ko‘rib chiqiladi.

Amaldagi tartibda PhD ilmiy darajasiga ega xodimlar uchun lavozim maoshining 30 foizigacha, DSc darajasiga ega xodimlar uchun esa 60 foizigacha qo‘shimcha haq belgilash nazarda tutilgan.

Elektron tizim qachon ishga tushadi?

Qarorga muvofiq, ilmiy va innovatsion faoliyatga oid maxsus axborot tizimi 2027-yil 1-yanvargacha ishlab chiqilishi, tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish xizmati 1-fevralgacha yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Yagona elektron bazani 2027-yil 1-aprelgacha joriy etish belgilangan.