Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 994.10 +6.94 EUR 13 420.20 +26.95 RUB 145.79 −0.50

Kredit reklamalarining kamida 10 foizi moliyaviy xatarlar haqida ogohlantirishga ajratiladi

Kredit reklamalarining kamida 10 foizi moliyaviy xatarlar haqida ogohlantirishga ajratiladi

O‘zbekistonda kredit va mikroqarz reklamalarida qarzni o‘z vaqtida qaytarmaslik oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xatarlar haqida ogohlantirish berish majburiy etib belgilandi.

Bu 2026-yil 10-noyabrdagi O‘RQ–1187-son qonun bilan «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarda nazarda tutilgan.

Yangi talabga ko‘ra, kredit, jumladan, mikroqarz reklamasida qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirish bo‘lishi shart.

Ogohlantirish reklamaning asosiy maydoni yoki vaqtining kamida 10 foizini tashkil etishi kerak.

Masalan, 30 soniyalik kredit videosida ogohlantirish uchun kamida 3 soniya ajratilishi lozim. Bosma yoki elektron reklamada esa ogohlantirish asosiy maydonning kamida o‘ndan bir qismini egallashi kerak.

Mazkur talab banklarning kredit mahsulotlari bilan bir qatorda mikroqarz reklamalariga ham taalluqli.

Kredit shartnomalarida ham ogohlantirish talabi bor

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bankning bank xizmatlari iste’molchilarini himoya qilishga qaratilgan yangi talablarida kredit shartnomasining birinchi sahifasida, asosiy matndan oldin, sahifa maydonining kamida 30 foizini egallaydigan ogohlantirish joylashtirish belgilangan edi.

Unda kredit to‘lovlarini kechiktirish qarzdorlikning oshishi, majburiy undirish choralari va kredit tarixiga salbiy ta’sir kabi oqibatlarga olib kelishi mumkinligi tushuntiriladi.