Toshkentning Chilonzor tumanida avval mavjud bo‘lgan, keyinchalik quritilgan ko‘l qayta tiklanmoqda. Uning atrofida yangi dam olish maskani, sayr yo‘laklari va 30 metr balandlikdagi aylanuvchi arkali darvoza barpo etish rejalashtirilgan.
Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Loyiha Chilonzor tumanining Beshyog‘och mahallasida, Magic City va Milliy bog‘ga tutash hududda amalga oshirilmoqda.
Dam olish maskanining umumiy maydoni 2,3 gektar bo‘lib, shundan 18,7 ming kvadrat metri sun’iy ko‘l uchun ajratilgan. Ko‘lning suv sig‘imi qariyb 37,4 ming kub metrni tashkil etadi.
Loyiha doirasida 150 tup daraxt va buta ko‘chatlari ekish, umumiy uzunligi 4,6 kilometr bo‘lgan piyodalar va veloyo‘laklar hamda ikkita favvora tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Ko‘l bo‘yida 30 metrli aylanuvchi darvoza o‘rnatiladi
Dam olish maskanida 30 metr balandlikdagi aylanuvchi arkali darvoza o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda.
Toshkent shahar hokimligiga ko‘ra, inshootning me’moriy konsepsiyasini ishlab chiqishda italiyalik mutaxassislarning takliflari o‘rganilgan. Dastlabki loyihada arka ichiga ikkita lift joylashtirish ham nazarda tutilgan.
Mazkur inshootning konstruktiv va mexanik yechimlari bo‘yicha xorijiy, jumladan, xitoylik mutaxassislar bilan texnik hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
Hokimlik hisob-kitoblariga ko‘ra, ko‘l va dam olish maskani foydalanishga topshirilgach, hududga kuniga 3 ming nafargacha tashrif buyuruvchi kelishi kutilmoqda.
Loyiha Toshkent shahar hokimligining Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida amalga oshirilmoqda.
