Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 987.16 +13.68 EUR 13 393.25 −43.39 RUB 146.29 −0.30

“Hali bitta rektorni ham ishdan olmadim” — Erkinjon Turdimov

“Hali bitta rektorni ham ishdan olmadim” — Erkinjon Turdimov

Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov besh nafar oliygoh rektori lavozimidan ozod etilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Uning aytishicha, yig‘ilishda to‘rt nafar rektor qattiq ogohlantirilgan, ularning lavozimda qolish-qolmasligi esa maxsus ishchi guruh xulosasi asosida hal etiladi.

Bu haqda vazir jurnalist Karimberdi To‘ramurod bilan suhbatda ma’lum qildi.

“Avvalo, men hali beshta rektor emas, bittasini ham ishdan olmadim. Yig‘ilishda beshta emas, to‘rtta rektorni qattiq ogohlantirdim”, — dedi Erkinjon Turdimov.

Vazirning tushuntirishicha, Ta’lim va ilm-fan vazirligida maxsus ishchi guruh tuzilgan. Guruh oliy ta’lim muassasalari rahbarlarining faoliyatini o‘rganib, tegishli xulosalar tayyorlaydi.

“Qaysi rektor qolish-qolmasligi ishchi guruhning haqqoniy xulosasi asosida bo‘ladi”, — deya ta’kidladi vazir.

Eng yaxshi deb tanlangan 10 talabaning birortasi “uch” ololmadi

Suhbat davomida Erkinjon Turdimov oliy ta’limdagi bilim sifati bilan bog‘liq bir holatni ham misol keltirdi.

Uning aytishicha, nomi oshkor etilmagan institutning eng yaxshi deb saralangan 10 nafar talabasi standart test orqali sinovdan o‘tkazilgan.

“Ishonasizmi, saralangan, rektorning o‘zi eng a’lochi talabalarim, deb olib kelgan 10 talabaning birortasi aqalli “uch” baho ololmadi. Mana, sizga ta’limning sifati!” — dedi vazir.

Besh nafar rektor ishdan olingani haqidagi xabar qanday tarqalgan edi?

Eslatib o‘tamiz, 6-noyabr kuni QALAMPIR.UZ o‘z manbalariga tayanib, Ta’lim va ilm-fan vaziri o‘tkazgan yig‘ilishda besh nafar rektor lavozimidan ozod etilganini xabar qilgan edi.

Ular orasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon To‘xtasinov va Samarqand davlat chet tillari instituti rektori Bahodir Holiqovning ham nomi keltirilgan.

Xabarlarda Jahon tillari universiteti rektorining ishdan olinishi “Xavfsiz talaba” ilovasi bilan bog‘liq mojaro ortidan yuz bergani aytilgan.

Jarayon.uz ham 6-noyabr kuni mazkur ma’lumotlarni manbasiga tayangan holda, rasmiy tasdiqlanmagan xabar sifatida yoritgan edi.

7-noyabr kuni vazirlikning matbuot kotibi ham rektorlar hali lavozimidan ozod etilmaganini, ayrim oliygohlardagi mas’ul rahbarlarning faoliyatini o‘rganish uchun ishchi guruh tuzilishini bildirgan.

Endilikda vazirning shaxsan o‘zi ham ishdan bo‘shatish haqidagi xabarlarni inkor etdi.