O‘zbekistonda mahalliy maishiy texnika savdosini rag‘batlantirish va aholiga qulaylik yaratish maqsadida yangi moliyaviy mexanizm yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning elektrotexnika sanoati vakillari, tadbirkorlar va investorlar bilan o‘tkazgan muloqotida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan muzlatkich, kir yuvish mashinasi, konditsioner va boshqa maishiy texnikalar xaridi uchun yillik 18 foiz stavkada iste’mol kreditlari ajratish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Hozir banklarda kredit foizlari qancha?
Jarayon.uz banklarning ochiq e’lon qilingan iste’mol krediti shartlarini o‘rgandi.
Xususan, Ipak Yo‘li bankida yillik stavka 21,9 foizdan boshlanadi. O‘zsanoatqurilishbankning «Yangicha» kreditida muddatga qarab 21,99–25,99 foiz, Biznesni rivojlantirish bankida 23–27 foiz, Hamkorbankda esa 26–30 foiz stavkalar ko‘rsatilgan.
| Bank | Yillik foiz |
|---|---|
Ipak Yo‘li banki |
21,9% dan |
O‘zsanoatqurilishbank (SQB) |
21,99–25,99% |
Biznesni rivojlantirish banki |
23–27% |
Hamkorbank |
26–30% |
| Taklif etilayotgan yangi kredit | 18% |
Prezident matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, bu, bir tomondan, oilalarning zamonaviy maishiy texnika xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirsa, ikkinchi tomondan, mahalliy korxonalar mahsulotlarining sotuvini oshiradi.
Mutasaddilarga ikki hafta ichida tegishli hisob-kitoblarni tayyorlab, tijorat banklariga ushbu maqsadlar uchun arzon resurs joylashtirish bo‘yicha aniq taklif kiritish topshirildi.
