Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 987.16 +13.68 EUR 13 393.25 −43.39 RUB 146.29 −0.30

O‘zbekistonda 12 nafar bloger reklama qonunchiligini buzgani uchun javobgarlikka tortildi

O‘zbekistonda 12 nafar bloger reklama qonunchiligini buzgani uchun javobgarlikka tortildi

Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan 110 nafar blogerning reklama materiallarini monitoring qilib bormoqda. Tekshiruvlar davomida 12 nafar bloger reklama qonunchiligini buzgani aniqlangan.

Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan 110 nafar bloger ro‘yxati shakllantirilgan. Ularning sahifalarida joylashtirilayotgan reklamalar har kuni «Reklama to‘g‘risida»gi qonun talablariga muvofiqligi yuzasidan kuzatib borilmoqda.

Monitoring natijasida 12 nafar bloger qonunchilikka zid reklama materiallarini joylashtirgani aniqlangan. Ularga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilgan.

Shuningdek, qo‘shiqchilar, aktyor va aktrisalar hamda sportchilar ro‘yxati ham shakllantirilib, ularning ijtimoiy tarmoqlardagi reklama faoliyati muntazam nazorat qilinmoqda.

Raqobat qo‘mitasi blogerlar, taniqli shaxslar va reklama bozorining boshqa ishtirokchilarini qonun talablariga rioya etishga chaqirdi.

Xususan, reklamada iste’molchilarni chalg‘ituvchi yoki mahsulot va xizmatlar haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otuvchi ma’lumotlarni tarqatmaslik zarurligi eslatildi.

Qo‘mita ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalar ustidan monitoringni yanada kuchaytirishini bildirdi.