O‘zbekistonda giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatda gumon qilinib, Interpolning qizil bildirishnomasi asosida xalqaro qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi Turkiyaning Mersin shahrida qo‘lga olindi.
Bu haqda Turkiya Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlik axborotiga ko‘ra, operatsiya Turkiya politsiyasining Interpol–Europol departamenti, Narkotik jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi va Milliy razvedka tashkiloti (MİT) hamkorligida Mersin viloyati politsiyasi tomonidan amalga oshirilgan.
Turkiyaning Kanal 33 nashri xabar berishicha, qidiruvdagi O‘zbekiston fuqarosi 2025-yil 20-fevral kuni Turkiyaga kirib kelgan.
Surishtiruv davomida uning Mersindagi issiqxonalarda ishlab, shu orqali tirikchilik qilgani hamda ish joyiga yaqin hududda istiqomat qilgani aniqlangan.
Mersin bosh prokuraturasi muvofiqlashtiruvida olib borilgan kuzatuv va tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida gumonlanuvchi issiqxonalar yaqinidagi yashash manzilida qo‘lga olinib, politsiya tomonidan ushlangan.
Turkiya Ichki ishlar vazirligi xalqaro qidiruvdagi shaxslarning mamlakat hududidan xavfsiz boshpana sifatida foydalanishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan.
Gumonlanuvchining O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi masalasi bo‘yicha hozircha ma’lumot berilmagan.
