O‘zbekiston 2030-yilga borib yillik uran ishlab chiqarish hajmini 15 ming tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu 2026-yil uchun belgilangan 7,5 ming tonnalik ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga tog‘-kon sanoatidagi yangi loyihalar va ishlab chiqarishni kengaytirish rejalari yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.
“Navoiyuran” davlat korxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatda 7 ming tonna uran ishlab chiqarilgan. Bu 2024-yildagi 5,2 ming tonnaga nisbatan 35 foizga ko‘p.
Joriy yilda Arnasoy, G‘arbiy Qizilqoq, Janubiy Jongeldi va Sharqiy Agron konlarini o‘zlashtirishni boshlash rejalashtirilgan.
Qozog‘iston bilan taqqoslaganda
Uran ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lgan Qozog‘istondagi «Kazatomprom» kompaniyasi 2026-yilda 27,5–29 ming tonna uran ishlab chiqarishni prognoz qilmoqda.
O‘zbekistonning 2030-yil uchun belgilangan 15 ming tonnalik maqsadi ushbu hajmning yarmidan ko‘prog‘iga teng.
O‘zbekiston uran sanoatiga xorijiy investorlar ham jalb qilingan. Jumladan, Fransiyaning Orano va Yaponiyaning Itochu kompaniyalari «Navoiyuran» bilan birgalikda Nurlikum Mining qo‘shma korxonasida ishtirok etmoqda. Korxona Janubiy Jongeldi uran loyihasini amalga oshirmoqda.
Prezidentga taqdim etilgan rejaga ko‘ra, 2030-yilga borib uranning o‘rganilgan zaxiralarini 200 ming tonnaga yetkazish ham ko‘zda tutilgan.
