Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat imtihoni 20-noyabr kuni o‘tkaziladi. Ruxsatnoma va smena, imtihonga nima olib borish, uzrli sabab bilan kela olmaslik, natijalar, apellyatsiya va keyingi imtihon bo‘yicha eng ko‘p beriladigan savollarga Nizom asosida javob beramiz.
Bu qoidalar Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomda belgilangan. Quyida o‘qituvchilar eng ko‘p so‘rayotgan savollarga Nizom va Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotlari asosida javob beramiz.
1. Imtihonga uzrli sabab bilan kela olmasam nima bo‘ladi?
Nizomning 22-bandiga ko‘ra, quyidagilar uzrli sabab hisoblanadi:
- xizmat safari yoki malaka oshirish;
- kasallik;
- oila a’zosining vafoti.
Bunday holatda o‘qituvchi sababni tasdiqlovchi hujjat bilan imtihon o‘tkazilgan sanadan uch kundan kechikmay Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat qiladi. Arizada ikki yo‘ldan birini tanlash mumkin:
- navbatdagi imtihonga qo‘shimcha to‘lovsiz kiritish;
- to‘langan pulni qaytarish. Pul agentlik xulosasi asosida G‘aznachilik orqali to‘liq qaytariladi.
Ariza yetti ish kunida ko‘rib chiqiladi.
2. Uzrsiz kelmasam yoki kechiksam-chi?
Nizomning 23-bandiga ko‘ra, imtihonga kechikkan, uzrli sababsiz kelmagan yoki imtihondan chetlashtirilgan o‘qituvchining to‘lovi qaytarilmaydi.
3. Imtihon necha smenada va soat nechada bo‘ladi?
Smenalar soni va boshlanish vaqti hozircha rasman e’lon qilinmagan. Nizomga ko‘ra, imtihon sanasi, joyi va har bir hududdagi o‘rinlar sonini agentlik belgilaydi. Har bir o‘qituvchining aniq vaqti va manzili ruxsatnomada ko‘rsatiladi.
Ruxsatnoma imtihondan kamida uch kun oldin my.gov.uz orqali beriladi. Ya’ni 20-noyabrdagi imtihon uchun ruxsatnomani 17-noyabrdan kechikmay shaxsiy kabinetdan olish mumkin bo‘lishi kerak.
4. Imtihonga nima olib borish kerak, nima taqiqlanadi?
O‘qituvchi imtihonga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan keladi. Imtihon xonasida har bir joyda bitta ishtirokchi o‘tiradi va jarayon to‘liq videoga yozib boriladi.
Binoga quyidagilarni olib kirish taqiqlanadi:
- qo‘llanma va adabiyotlar;
- telefon va boshqa aloqa vositalari;
- har qanday texnik vositalar.
Boshqa ishtirokchilar bilan gaplashish yoki biror narsa uzatish ham mumkin emas. Qoidani buzgan o‘qituvchi imtihondan chetlashtiriladi, natijasi hisoblanmaydi va to‘lovi qaytarilmaydi.
5. Imtihon qog‘ozdami yoki kompyuterdami?
Nizomda imtihon elektron shaklda o‘tkazilishi yozilgan. Biroq agentlik matbuot kotibi arizachilar soni keskin ortgani sababli 20-noyabrdagi imtihon qog‘oz shaklida o‘tkazilishini ma’lum qilgan. Imtihon 90 ta topshiriqdan iborat, unga 3 soat beriladi. Tuzilmasi haqida avvalgi maqolamizda batafsil yozganmiz.
6. Natijalar qachon chiqadi?
Natijalar imtihon tugaganidan keyin 21 ish kunidan kechiktirilmay my.gov.uz orqali e’lon qilinadi. Sertifikat QR-kodli elektron shaklda beriladi va uch yil amal qiladi.
7. Natijaga rozi bo‘lmasam, qayerga shikoyat qilaman?
Natija e’lon qilingandan keyin uch kun ichida my.gov.uz orqali apellyatsiya arizasi berish mumkin. Apellyatsiya komissiyasi arizani ikki hafta ichida ko‘rib chiqadi. U natijani o‘zgarishsiz qoldirishi yoki dalil tasdiqlansa, o‘zgartirishi mumkin.
Bir natija bo‘yicha takroriy apellyatsiya berilmaydi. Komissiya qaroridan norozi bo‘lgan o‘qituvchi sudga murojaat qilishi mumkin.
8. Natijalar bekor qilinishi mumkinmi?
Ha. Agar imtihon materiallari oldindan tarqalib ketgani yoki natijalar me’yordan keskin farq qilgani aniqlansa, natijalar bekor qilinadi. Bu faqat ayrim hududlarda aniqlansa, faqat o‘sha hududlar natijasi bekor qilinadi. Bunday holatda o‘qituvchiga to‘lov qaytariladi yoki qayta imtihon tashkil etiladi.
9. Imtihon qancha turadi, kimlarga chegirma bor?
To‘lov ariza berilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida. Nizomga ko‘ra chegirmalar quyidagicha:
| Kimlar | Chegirma |
|---|---|
| Ijtimoiy reyestrdagi “kambag‘al oila” a’zolari | 50 foiz |
| I va II guruh nogironligi bo‘lganlar | 50 foiz |
| “Davlat ta’minotidagi oila” a’zolari | 75 foiz |
10. Keyingi imtihon qachon, qayta topshirish mumkinmi?
Nizomda imtihon “yil davomida” o‘tkazilishi belgilangan, lekin yiliga necha marta bo‘lishi va qayta topshirishga cheklov ko‘rsatilmagan. 20-noyabrdan keyingi imtihon sanasi hozircha e’lon qilinmagan. Agentlik keyingi imtihonlar arizachilar soniga qarab to‘liq elektron shaklga o‘tkazilishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, B+ va undan yuqori darajadagi sertifikat olgan, boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga ega va boshlang‘ich sinflarda dars beradigan o‘qituvchilarga 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab lavozim maoshiga har oy 15 foiz ustama to‘lanadi. Rasmiy e’lonlar agentlikning gov.uz’dagi sahifasida joylanadi.
