Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan olib kirilayotgan mobil telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish qayta tiklandi. 10-noyabr kuni vaqtincha to‘xtatilgani ma’lum qilingan jarayon 11-noyabrdan davom ettirilmoqda. Avval olib qo‘yilgan bir necha yuzta telefonni egalariga qaytarish ham boshlangan.
Bu haqda 11-noyabr kuni Bojxona qo‘mitasi tomonidan Kontent markazida tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Qo‘mita axborotiga ko‘ra, mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini aniqlashda bojxona xodimlariga amaliy yordam berish uchun UzIMEI vakillarining Toshkent xalqaro aeroportida doimiy faoliyat yuritishi yo‘lga qo‘yilgan.
Shundan so‘ng telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatish chorasi bekor qilingan.
10-noyabr kuni cheklov haqida xabar berilgandi
10-noyabr kuni soat 22:42 da Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan olib kirilayotgan mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish vaqtincha to‘xtatilgani haqida rasmiy munosabat e’lon qilgan edi.
Qo‘mita buni IMEI-kodlarni soxtalashtirish, boshqa qurilmalarga tegishli identifikatorlardan foydalanish hamda bir telefon ma’lumotlari orqali boshqa qurilmalarni qonuniylashtirishga urinishlar bilan izohlagan.
Shuningdek, telefonlarning IMEI-1 va IMEI-2 kodlari bitta qurilmaga tegishli ekanini aniqlash maxsus bilim va mutaxassislik talab qilishi bildirilgan.
Qo‘mita o‘shanda tegishli idoralar bilan hamkorlikda muammoni qisqa muddatlarda hal etishga va’da bergan edi.
Olib qo‘yilgan telefonlar qaytarilmoqda
Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev matbuot anjumanida cheklov olib tashlanganini tasdiqladi.
“Bugundan yana mobil qurilmalarni bemalol olib kirish boshlandi. Shu paytgacha olib qo‘yilgan, demak, bir necha yuzlab mobil qurilmalarni hozirda qaytarish ishlari boshlandi”, — dedi u.
Hozircha qaytarilishi lozim bo‘lgan telefonlarning aniq soni va barcha qurilmalarni egalariga topshirish muddati haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
Nega cheklov joriy etilgandi?
Avvalroq Toshkent aeroportida xorijdan olib kirilayotgan telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish vaqtincha to‘xtatilgan edi.
Bojxona qo‘mitasi buni IMEI-kodlarni soxtalashtirish, boshqa qurilmalarning identifikatorlaridan foydalanish hamda bir telefon ma’lumotlari orqali boshqa qurilmalarni qonuniylashtirish holatlari bilan izohlagan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda telefonlar 30 kungacha ekspertizaga olib qolinayotgani va ularni bir kunda rasmiylashtirish uchun 400–1100 dollargacha mablag‘ talab qilinayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Mazkur holat iqtisodchi va blogerlarning tanqidiy munosabatiga ham sabab bo‘lgan.
Endilikda UzIMEI mutaxassislari bojxona xodimlariga identifikatorlarni aniqlashda bevosita ko‘maklashadi. Bu orqali mobil qurilmalarni rasmiylashtirish jarayonini odatdagi tartibda davom ettirish imkoniyati yaratilgan.
