2025-yil yakunida O‘zbekistonning davlat qarzi 46,9 milliard AQSh dollariga yetdi. Shundan 39,8 milliard dollari tashqi, 7 milliard dollari ichki qarz hisoblanadi. Qarzning yalpi ichki mahsulotga nisbati esa 31,9 foiz bo‘lgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan «Fuqarolar uchun budjet: 2025-yil ijrosi» hisobotida davlat qarzining tarkibi va o‘sish dinamikasi keltirilgan.
Bu raqamlar 2026-yil 1-yanvar holatidagi qarz qoldig‘ini anglatadi. Ya’ni gap bir yil davomida olingan yangi kreditlarning o‘zi haqida emas, balki avvalgi majburiyatlarni ham o‘z ichiga olgan umumiy davlat qarzi haqida ketmoqda.
Uch yilda qarz 12 milliard dollarga oshgan
Hisobotdagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yil oxirida davlat qarzi 34,9 milliard dollar, 2024-yil oxirida 40,2 milliard dollar bo‘lgan. 2025-yil yakunida esa bu ko‘rsatkich 46,9 milliard dollarga yetgan. Uch yilning oxirgi ikki sanasi oralig‘ida o‘sish 6,7 milliard dollarni, 2023-yilga nisbatan esa 12 milliard dollarni tashkil etadi.
Davlat qarzining asosiy qismi tashqi manbalarga to‘g‘ri keladi
2025-yil yakunida tashqi davlat qarzi 39,8 milliard dollarga yetib, jami qarzning taxminan 85 foizini tashkil qilgan. Ichki qarz qoldig‘i 7 milliard dollarga teng.
Hisobotda davlat tashqi qarzining kreditorlari qatorida Jahon banki (8,9 milliard dollar), Osiyo taraqqiyot banki (8,4 milliard dollar) va xalqaro obligatsiyalar investorlari (5,8 milliard dollar) qayd etilgan. Ular tashqi qarzning barcha manbalari emas, asosiy qismlaridan biridir.
YAIMga nisbatan ulush nega pasaygan?
Davlat qarzining dollar hisobidagi miqdori oshganiga qaramay, YAIMga nisbati 2024-yil yakunidagi 33,1 foizdan 2025-yilda 31,9 foizga tushgan. Bu ko‘rsatkich qarz hajmini iqtisodiyot ko‘lamiga nisbatan o‘lchaydi.
Hisobotda davlat qarzining YAIMga nisbatan xavfsiz yuqori chegarasi 60 foiz sifatida ko‘rsatilgan.
