Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 974.02 −20.08 EUR 13 432.46 +12.26 RUB 144.58 −1.21

Yangi Toshkentda investorlarga yer 1 dollardan: qanday imtiyozlar beriladi?

Toshkentdagi zamonaviy bino — Yangi Toshkentda yirik investitsiya loyihalari uchun imtiyozlar

Yangi Toshkent va Samarqanddagi “Shirin” hududida 50 million dollar va undan qimmat shaharsozlik loyihalari uchun maxsus huquqiy rejim joriy etildi. Investorlarga yer 1 dollardan boshlab ijaraga berilishi, foyda solig‘i 15 yilgacha 1 foiz bo‘lishi belgilandi. Shu bilan birga, Yangi Toshkent shahri hokimligi tashkil etiladi.

Bu o‘zgarishlar Prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi PF-243-son farmoni bilan belgilandi. Farmon 11-noyabrdan kuchga kirgan.

Hujjat tafsilotlarini Gazeta.uz e’lon qildi. Unga ko‘ra, “tartibga solish qumdoni” deb ataluvchi rejim Yangi Toshkentning 19 720,9 gektar va Samarqanddagi “Shirin” hududining 665,15 gektar maydonida amal qiladi.

Qanday loyihalarga tegishli?

Rejim qiymati 50 million dollar va undan yuqori bo‘lgan yirik shaharsozlik loyihalariga tatbiq etiladi. Bunday loyihalarga qurilish ruxsatnomasi 2035-yil 1-yanvargacha beriladi.

Ro‘yxatda balandligi 200 metr va undan yuqori osmono‘par binolar (“Iconic Tower”), mehmonxona majmualari, savdo va biznes markazlari, tematik parklar, kurort zonalari, shuningdek, tibbiyot, ta’lim, sport va madaniyat obyektlari bor.

Savdo, turizm va xizmat ko‘rsatish loyihalarida yetakchi xalqaro brendlar jalb etilishi shart. Dunyodagi top-50 mehmonxona brendi yoki o‘z segmentidagi top-5 brend mehmonxonalari 50 million dollardan kam bo‘lsa ham barcha imtiyozlardan foydalanadi.

Yer necha pul turadi?

Yer uchastkalari E-auksion platformasi orqali ochiq auksion yoki “Shveytsariya chaqiruvi” (eng yaxshi taklif) usulida ijaraga beriladi. Boshlang‘ich narx investitsiya hajmiga bog‘liq:

Investitsiya hajmi 1 kv. metr uchun boshlang‘ich narx
50 million dollargacha 200 dollar
50–100 million dollar 150 dollar
100–250 million dollar 100 dollar
250–500 million dollar 50 dollar
500 million dollardan ortiq 1 dollar

Samarqanddagi “Shirin” hududida investitsiya miqdori va boshlang‘ich narxlarga 0,6 koeffitsiyent qo‘llanadi.

Boshlang‘ich to‘lov loyiha qiymatining 10–30 foizini tashkil etadi, qolgan qismi 4–7 yil davomida foizsiz to‘lanadi. Qurilish yer olingandan keyin olti oy ichida boshlanishi kerak.

Qanday soliq imtiyozlari beriladi?

Loyihani ijaraga berish va sotishdan olinadigan foyda solig‘i stavkasi investitsiya hajmiga qarab belgilanadi:

  • 50 million dollardan — 5 yil davomida 1 foiz;
  • 100 million dollardan — 10 yil davomida 1 foiz;
  • 500 million dollardan — 15 yil davomida 1 foiz.

Yuridik shaxslar 20 yil mol-mulk va yer solig‘idan ozod qilinadi. O‘zbekistonda qayta investitsiya qilingan dividendlar 2040-yil 1-yanvargacha soliqqa tortilmaydi.

Investor, pudratchi va subpudratchilar o‘z ehtiyoji uchun olib kiradigan qurilish texnikasi, materiallar, mebel va metall konstruksiyalar bojxona bojidan ozod etiladi. Ozod qilinadigan qiymat loyiha hajmiga qarab investitsiyaning 30, 50 yoki 70 foizidan oshmaydi.

Yillik ish haqi fondi 50 ming dollardan yuqori bo‘lgan xorijlik me’mor, muhandis va mutaxassislar ishlash uchun ruxsatnoma olmaydi, viza va ro‘yxatga olish yig‘imlaridan ozod bo‘ladi. Ular uchun 3 yilgacha daromad va ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilandi. Xorijiy investorlarga qonunchilikdagi noqulay o‘zgarishlardan 10 yillik kafolat beriladi.

Qurilish tartibida nima o‘zgaradi?

Hududiy kengashlar tomonidan arxitektura kelishuvi bekor qilinib, bu vakolat tegishli direksiyalarga o‘tkaziladi. Tezkor “loyihalash va qurish” usuli, xalqaro texnik standartlar va qurilish-montaj ishlarini kecha-kunduz (24/7) olib borishga ruxsat beriladi.

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalar Ekologiya qo‘mitasi nazoratida bepul ko‘chirib o‘tkazilishi mumkin. Obyekt foydalanishga topshirilgach, mulk huquqi yoki 49 yilgacha ijara qo‘shimcha to‘lovsiz ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Yer egalari va aholiga qanday ta’siri bor?

Davlat ehtiyojlari uchun olinadigan yerlar egalariga kompensatsiya to‘lash uchun respublika maqsadli jamg‘armasidan 2026-yil 15-dekabrgacha Yangi Toshkent direksiyasiga 260 milliard so‘m, “Shirin” hududi direksiyasiga 200 milliard so‘m ajratiladi.

Farmon bilan Yangi Toshkent shahri hokimligi ham tuziladi. Gazeta.uz xabariga ko‘ra, hokimni Prezident tayinlaydi, hokimlik apparatida 14 ta boshqaruv shtati bo‘ladi, hududdagi 16 ta davlat organiga jami 30 ta shtat ajratiladi.

Hukumatga hokimlik faoliyatini 10 kunda yo‘lga qo‘yish, Yangi Toshkentning ma’muriy-hududiy birlik sifatidagi maqomi bo‘yicha esa 3 oy ichida taklif kiritish topshirilgan. Farmonda nomi keltirilmagan idoralar hozircha Toshkent viloyati va tumanlaridagi bo‘linmalari orqali ishlashda davom etadi.