O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi pensiya yoshidagi fuqarolarni telefon orqali sodir etilayotgan firibgarlik holatlaridan ogoh bo‘lishga chaqirdi.
Ma’lum qilinishicha, ayni kunlarda notanish raqamlar orqali pensionerlarga qo‘ng‘iroq qilinib, ularning pensiyasi kelgusi oydan oshirilishi haqida yolg‘on ma’lumotlar berilmoqda. Firibgarlar o‘zini bank yoki Pensiya jamg‘armasi xodimi sifatida tanishtirib, go‘yoki pensiya miqdorini oshirish uchun plastik karta ma’lumotlari, pasport raqami yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa axborotlarni taqdim etishni so’rashmoqda.
Shuningdek, ayrim holatlarda fuqarolarga “Pensiyangiz oshiriladi, buning uchun telefoningizga kelgan maxfiy kodni ayting, aks holda to‘lov amalga oshmaydi” mazmunidagi xabarlar yetkazilmoqda. Bu orqali firibgarlar fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritish va ularning mablag‘larini talon-toroj qilishga urinmoqda.
Pensiya jamg‘armasi ta’kidlashicha, tashkilot xodimlari hech qachon telefon orqali fuqarolardan pasport ma’lumotlari, plastik karta raqami, JSHSHIR (PINFL) yoki telefoniga kelgan tasdiqlash kodlarini so‘ramaydi.
Fuqarolardan shaxsiy ma’lumotlarini hech qanday holatda begona shaxslarga taqdim etmaslik, shubhali qo‘ng‘iroq va xabarlarga ishonmaslik so‘ralmoqda.
Agar shunday holatlarga duch kelinsa, quyidagi ishonch telefonlari orqali murojaat qilish tavsiya etiladi:
- 📞 1271 — Pensiya jamg‘armasining ishonch telefoni
- 📞 102 — Ichki ishlar organlari
Mutaxassislar fuqarolarni o‘zlari va yaqinlarini firibgarlik holatlaridan asrash, axborot xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etishga chaqirmoqda.
