Energetika vazirligi Toshkentda tabiiy gaz bosimi pasayishi yuzasidan rasmiy axborot berdi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yaqin 2–3 soat ichida iste’molchilarning gaz ta’minoti me’yorga keladi.
Bu haqda vazirlik Telegram kanalida soat 18:55 da xabar berdi. Unga ko‘ra, vaziyatni bartaraf etish uchun tezkor choralar ko‘rilgan: Toshkentga gaz yetkazib beruvchi quvurlarning kirish nuqtalarida bosim oshirilgan.
Gaz taqsimlash tarmoqlarida bosim bosqichma-bosqich ko‘tariladi. Vazirlik yuzaga kelgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘radi. Bosim nima sababdan pasaygani axborotda aytilmagan.
Kimlarga tegishli?
14-noyabr kuni kechqurun Yangihayot, Sergeli, Uchtepa, Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod va Chilonzor tumanlari aholisi gaz bosimi keskin pasaygani yoki gaz umuman yo‘qligidan shikoyat qilgan edi. Bu haqda Jarayon avvalroq xabar bergan.
Gaz qaytayotganda nimalarga e’tibor berish kerak?
Vazirlik aholidan gaz jihozlaridan foydalanishda ehtiyot bo‘lish, ularning sozligini tekshirish va xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishni so‘radi.
- Gaz yo‘q paytda plita va boshqa jihozlarning kranlari ochiq qolmagan bo‘lsin — bosim qaytganda gaz xonaga chiqib ketmasligi uchun.
- Jihozni qayta yoqishdan oldin xonani shamollating va gaz hidi yo‘qligiga ishonch hosil qiling.
- Gaz hidi sezilsa, chiroq va elektr jihozlarini yoqmang, darhol 104 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling.
- 2–3 soatdan keyin ham gaz kelmasa, 1055 raqami orqali shahar dispetcherligiga xabar bering.



