O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalarga ko‘mir xarajatlari uchun yiliga 600 ming so‘mgacha kompensatsiya berish tartibi amal qilmoqda. Hukumat tasdiqlagan reglamentga ko‘ra, yordam tayinlashni rad etish uchun faqat ikkita asos mavjud. Boshqa sabablar bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jarayon.uz Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 601-son qarori bilan tasdiqlangan tartibni o‘rgandi.
1-noyabrdan kuchga kirgan hujjatda ko‘mir xarid qilgan oilalarga kompensatsiya tayinlash, arizalarni ko‘rib chiqish, pul o‘tkazish muddatlari va rad javobi ustidan shikoyat qilish huquqi belgilangan.
Kompensatsiya kimlarga beriladi?
Yordam 2026–2028-yillarda ehtiyojmand oilalarning ko‘mir xarajatlarini qisman qoplash uchun ajratiladi.
Undan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar, shuningdek, reyestrda bo‘lmasa-da, ijtimoiy-iqtisodiy holati belgilangan mezonlarga mos keladigan oilalar foydalanishi mumkin.
Ikkinchi toifadagi oilalarning jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan oshmasligi kerak. Oilaning boshqa ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari ham axborot tizimlari orqali baholanadi.Muhim shart — ko‘mir mycoal.uz portali yoki uning mobil ilovasi orqali xarid qilingan bo‘lishi kerak.
Qancha pul qaytariladi?
Kompensatsiya sotib olingan ko‘mirning har bir tonnasi uchun 300 ming so‘mdan hisoblanadi.
Masalan, bir tonna ko‘mir sotib olgan oila 300 ming so‘m, ikki tonna olgan oila esa 600 ming so‘m kompensatsiya olishi mumkin.
Biroq bir kalendar yil davomida kompensatsiyaning maksimal miqdori 600 ming so‘mdan oshmaydi.
Demak, uch yoki to‘rt tonna ko‘mir xarid qilingan taqdirda ham yillik yordam miqdori 600 ming so‘m bilan cheklanadi.
Har bir tonna uchun 300 ming so‘m.
Yillik limit — 600 ming so‘m.
Uch tonna va undan ko‘p ko‘mir sotib olinganda ham kompensatsiya ushbu limitdan oshmaydi.
VMning 601-son qarori
Bu ko‘mir bepul tarqatiladi degani emas. Oila ko‘mirni xarid qiladi, keyin belgilangan talablarga javob bersa, xarajatining bir qismi qaytariladi.
Arizani rad etish uchun faqat ikkita asos bor
Reglamentning 10-bandida kompensatsiya tayinlashni rad etish holatlari aniq ko‘rsatilgan.
Birinchisi — ariza beruvchining oilasi kompensatsiya oluvchilar toifasiga mansub ekani tasdiqlanmasa.
Ikkinchisi — ariza berilgan oyda ko‘mir xarid qilinmagan bo‘lsa.
Hujjatda ushbu ikki holatdan tashqari boshqa asoslar bilan kompensatsiya tayinlashni rad etish mumkin emasligi belgilangan.
Masalan, fuqaro barcha talablarga javob bersa va tegishli oyda mycoal.uz orqali ko‘mir xarid qilgani tasdiqlansa, unga reglamentda ko‘rsatilmagan qo‘shimcha talabni qo‘yib, arizasini rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bu yerda yana bir muhim jihat bor: ko‘mirni xarid qilgan oy bilan kompensatsiya uchun ariza berilgan oy ahamiyatga ega. Reglament rad etish asoslaridan biri sifatida aynan ariza berilgan oyda ko‘mir xarid qilinmaganini ko‘rsatgan.
Shu sababli ko‘mir xarid qilgan oilalarga ariza topshirish muddatiga e’tibor berish tavsiya etiladi.
Ariza qayerga beriladi?
Kompensatsiya tayinlash uchun bir nechta yo‘l bilan murojaat qilish mumkin:
- Davlat xizmatlari markaziga;
- «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga;
- Mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali;
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali;
- «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali.
Ariza berish uchun davlat boji yoki xizmat yig‘imi undirilmaydi.
my.gov.uz yoki «Ijtimoiy karta» orqali.
Ariza topshirish bepul.
1. Oila kompensatsiya olish mezonlariga mos kelmasa.
2. Ariza berilgan oyda ko‘mir xarid qilinmagan bo‘lsa.
Boshqa asoslar bilan rad etish mumkin emas.
VMning 601-son qarori
So‘rovnoma elektron tizimga yuboriladi. Unda oilaning ijtimoiy holati hamda ko‘mir xaridi haqidagi ma’lumotlar avtomatik tekshiriladi.
Bunda fuqaroning mycoal.uz orqali ko‘mir sotib olgani, xarid sanasi, miqdori va qiymati haqidagi ma’lumotlar ham solishtiriladi.
Pul qachon kartaga tushishi kerak?
Kompensatsiya tayinlangan oilalar ariza topshirilgan oydan keyingi oyning to‘lov ro‘yxatiga kiritiladi.
Reglamentga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi ushbu ro‘yxatlarni keyingi oyning 15-sanasiga qadar bankka yuborishi kerak.
Zarur mablag‘lar keyingi oyning 25-sanasiga qadar moliyaviy agentga o‘tkaziladi.
Bank esa mablag‘ kelib tushganidan so‘ng bir ish kuni ichida kompensatsiyani oilaning ijtimoiy yoki bank kartasiga o‘tkazishi kerak.
Masalan, fuqaro noyabr oyida ko‘mir sotib olib, shu oyda ariza topshirgan va yordam olish huquqi tasdiqlangan bo‘lsa, to‘lov ro‘yxati dekabrning 15-sanasigacha shakllantirilishi, mablag‘ esa 25-dekabrgacha bankka yo‘naltirilishi belgilangan.
Rad javobi kelganda nima qilish kerak?
Kompensatsiya tayinlangani yoki rad etilgani haqida ariza beruvchiga SMS-xabar yuboriladi. Qaror haqidagi ma’lumotni tegishli elektron tizimdagi shaxsiy kabinet orqali ham ko‘rish mumkin.
Agar fuqaro arizasi qonunda ko‘rsatilmagan sabab bilan rad etilgan deb hisoblasa, ushbu qaror yuzasidan shikoyat qilish huquqiga ega.
Reglamentning 18-bandida davlat xizmatini ko‘rsatuvchi idoralar xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yoki harakatsizligi ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish mumkinligi qayd etilgan.
Tartibga rioya etilishi Adliya vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya tomonidan nazorat qilinadi.



