Ijtimoiy tarmoqlarda hukumat tizimlaridan kamida 15 million O’zbekiston fuqarosining shaxsiy ma’lumotlari sizdirilib, Dark Webga joylashtirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Unda Aholini ro‘yxatga olish tizimi hakerlar tomonidan buzilgani va tegishli ma’lumotlar tarqalib ketgani aytiladi.

Asosan o‘g‘irlangan ma’lumotlarni tarqatish, sotish yoki hakerlik hujumlari haqida axborot beruvchi forumlardan birida aytilishicha, davlatning asosiy autentifikatsiya tizimi bo‘lgan OAuth serveri buzib kirilgan. Natijada hukumatning ishonchli autentifikatsiya manbai sifatida ishlatgan barcha sayt va tizimlar xavf ostida qolgan. Bular qatoriga universitetlar, siyosiy partiyalar, kommunal to‘lov platformalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda eng muhimi — Ichki ishlar vazirligining kadrlar tizimi kiradi.
Mazkur OAuth serveri Raqamli hukumat tizimida foydalanuvchilarni aniqlash uchun qo‘llanilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu buzilgan OAuth serverlaridan 15 milliondan ortiq foydalanuvchilarga oid ma’lumotlar o‘g‘irlangan.
Shuningdek, fuqarolarning tibbiy ma’lumotlari saqlangan Ijtimoiy himoya milliy agentligi (IHMA) tizimi ham to‘liq buzilgan. Ichki ishlar organlariga tegishli shaxsiy ma’lumotlarning (IIV.UZ) tarqalishi ham elektron hukumat OAuth serveri buzilgani bilan bog‘liq.
Statistika qoʻmitasi hakerlar census.stat.uz saytiga hujum qilgani, biroq maʼlumotlarni olib chiqib ketolmagani aytib, “havotiga oʻrin yoʻq”ligini taʼkidlagan. Shuningdek, 2026-yilning 15-31-yanvar kunlari onlayn shaklda oʻtkazilgan Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishda toʻplangan barcha maʼlumotlar, alohida serverda shifrlangan holda xavfsiz saqlanayotganini maʼlum qilgan.
“Kiberxavfsizlik markazi” DUK mazkur holat bo’yicha o‘rganishlar olib borilayotganini va holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilishini ma’lum qildi.
