Bugun, 9-noyabr kuni Toshkent shahrida 2026–2027-yilgi isitish mavsumi boshlandi. Ko‘p kvartirali uylar, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy obyektlarga issiqlik bosqichma-bosqich yetkazib berilmoqda. Isitish tizimida muammo yuzaga kelsa, fuqarolar 1347 va 1055 qisqa raqamlariga yoki maxsus Telegram-botga murojaat qilishi mumkin.
Bu haqda Veolia Energy Tashkent kompaniyasi ma’lum qildi.
Kompaniya xabariga ko‘ra, isitish mavsumi boshlanishi munosabati bilan mutaxassislar kuchaytirilgan ish tartibiga o‘tgan. Issiqlik ta’minotini yo‘lga qo‘yish va kelib tushayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqish ishlari davom etmoqda.
Batareyalar isimasa, qayerga murojaat qilish kerak?
Agar xonadoningizda radiatorlar qisman isiyotgan bo‘lsa, issiqlik bir maromda taqsimlanmasa yoki isitish bilan bog‘liq boshqa muammolar yuzaga kelsa, quyidagi aloqa kanallaridan foydalanishingiz mumkin:
- 1347 — Veolia Energy Tashkent’ning sutka davomida ishlaydigan yagona qisqa raqami;
- @vet_pokazaniya_bot — murojaatlarni 24/7 rejimida qabul qiluvchi Telegram-bot;
- 1055 — murojaatlar uchun qo‘shimcha qisqa raqam.
Bunda bino ichidagi isitish tizimi, radiatorlar va issiqlik taqsimoti bilan bog‘liq muammolar yuzasidan avvalo uyga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv kompaniyasiga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Isitish uchun to‘lov qaysi kundan hisoblanadi?
Jarayon.uz avval xabar berganidek, Toshkent shahar hokimining tegishli qaroriga muvofiq, 9-noyabrdan ijtimoiy soha obyektlari va ko‘p kvartirali turar joylarni isitish tizimiga ulash belgilangan.
Biroq barcha binolarga issiqlik bir vaqtning o‘zida yetib bormaydi. Ulanish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Muhimi, isitish uchun to‘lov 9-noyabrdan avtomatik hisoblanmaydi. To‘lov bino issiqlik ta’minotiga amalda ulangan kundan boshlanadi.
Ulanish sanasi boshqaruv kompaniyasi tomonidan imzolangan ikki tomonlama dalolatnomada qayd etiladi.
Shu sababli aholiga isitish qaysi sanadan boshlanganini boshqaruv tashkilotidan aniqlashtirish tavsiya etiladi.
Veolia Energy Tashkent kompaniyasi isitish mavsumida aholining murojaatlarini qabul qilish va ta’minotdagi muammolarni bartaraf etish ishlari kuchaytirilgan tartibda olib borilayotganini bildirdi.
