Sakkizta muhim xabar, asosiy raqamlar va kerakli tafsilotlar bir joyda.
Kunning asosiy mavzulari
Toshkentda isitish mavsumi boshlandi. To‘lov qachondan hisoblanadi?
9-noyabrdan poytaxtdagi ko‘p kvartirali uylar va ijtimoiy obyektlarga issiqlik bosqichma-bosqich yetkazib berilmoqda.
Isitish uchun to‘lov barcha xonadonlarga 9-noyabrdan avtomatik hisoblanmaydi. To‘lov bino issiqlik tizimiga amalda ulangan sanadan boshlanadi va ikki tomonlama dalolatnomada qayd etiladi.
Maishiy texnika uchun 18 foizli kredit: hozir banklarda stavkalar qancha?
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan muzlatkich, kir yuvish mashinasi, konditsioner va boshqa maishiy texnikalarni xarid qilish uchun yillik 18 foizli iste’mol krediti ajratish rejalashtirilmoqda.
Jarayon.uz banklarning ochiq e’lon qilingan iste’mol krediti shartlarini o‘rgandi. Ayrim banklarda kredit stavkalari 21,9 foizdan boshlanib, 30 foizgacha yetmoqda.
Mutasaddilarga ikki hafta ichida tijorat banklariga ushbu maqsadlar uchun arzon resurs joylashtirish bo‘yicha aniq taklif tayyorlash topshirildi.
PhD va DSc olish tartibi o‘zgarishi mumkin: yangi nizomda nimalar bor?
Oliy attestatsiya komissiyasi ilmiy darajalar berish tartibiga oid yangi nizom loyihasini e’lon qildi.
Hujjatda PhD va DSc uchun ilmiy ishlar soni, dissertatsiya hajmi, himoya jarayonidagi ayrim bosqichlar va elektron diplom berish tartibiga oid talablar keltirilgan.
Ayrim tadqiqotchilarga dissertatsiya yozmasdan, kengaytirilgan ilmiy taqdimot asosida ilmiy daraja olish imkoniyatini yaratish ham taklif etilmoqda.
Kun raqamlarda
Yana nimalar bo‘ldi?
Chilonzordagi quritilgan ko‘l qayta tiklanmoqda
Beshyog‘och mahallasida, Magic City va Milliy bog‘ga tutash hududda ilgari mavjud bo‘lgan ko‘l qayta tiklanmoqda. Loyihaning umumiy maydoni 2,3 gektar. Hududda sayr yo‘laklari, favvoralar va 30 metrli aylanuvchi arkali darvoza tashkil etish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston uran ishlab chiqarishni ikki baravar oshirmoqchi
Mamlakatda uran ishlab chiqarish hajmini 2030-yilga borib yiliga 15 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. 2025-yilda 7 ming tonna uran ishlab chiqarilgan, 2026-yil uchun esa 7,5 ming tonnalik ko‘rsatkich belgilangan.
12 nafar bloger reklama qonunchiligini buzgani uchun javobgarlikka tortildi
Raqobat qo‘mitasi 110 nafar blogerning ijtimoiy tarmoqlardagi reklama materiallarini monitoring qilmoqda. Qoidabuzarlik aniqlangan 12 nafar blogerga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilgan.
Xalqaro qidiruvdagi o‘zbekistonlik Turkiyada qo‘lga olindi
Giyohvand moddalar savdosida gumon qilinib, xalqaro qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi Turkiyaning Mersin shahrida qo‘lga olindi. U 2025-yil fevralida Turkiyaga kirib kelgan va issiqxonalarda ishlab yurgan.
Rektorlar ishdan olingani haqidagi xabarlar rad etildi
Bir nechta universitet rektori lavozimidan ozod etilgani haqidagi xabarlarga vazir munosabat bildirdi. Uning ma’lum qilishicha, hech bir rektor ishdan olinmagan, yig‘ilishda to‘rt nafar rektor qattiq ogohlantirilgan.
Ilmiy daraja olishni rejalashtiryapsizmi?
PhD va DSc uchun maqolalar soni, dissertatsiya hajmi, himoya tartibi hamda muqobil ilmiy taqdimotga oid takliflar bilan tanishing.
