O‘zbekistonda PhD va DSc ilmiy darajalarini olishning yangi tartibi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, ilmiy maqolalar soni, dissertatsiyani himoya qilish va diplom berish tartibiga oid yangi talablar belgilanmoqda. Ayrim tadqiqotchilarga esa dissertatsiya yozmasdan ilmiy daraja olish imkoniyati berilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tomonidan “Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom” loyihasi e’lon qilindi.
Hujjat Prezidentning 2026-yil 26-maydagi PF–98-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan. Yangi nizom 2027-yil 1-yanvardan kuchga kirishi nazarda tutilgan.
PhD va DSc olish uchun nechta ilmiy ish kerak bo‘ladi?
Loyihaga ko‘ra, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun kamida 8 ta ilmiy ish e’lon qilish talab etiladi.
Shundan kamida 3 ta maqola milliy ilmiy jurnallarda, 1 ta maqola xalqaro ilmiy bazalar ro‘yxatidagi jurnalda chop etilishi kerak. Shuningdek, xalqaro va respublika konferensiyalarining har birida kamida 2 tadan material e’lon qilinishi lozim.
Fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun esa kamida 16 ta ilmiy ish talab qilinadi. Ularning 8 tasi milliy jurnallarda, 2 tasi xalqaro bazalardagi jurnallarda chop etilishi, xalqaro va respublika konferensiyalarida esa 3 tadan material e’lon qilinishi kerak bo‘ladi.
Dissertatsiya hajmi ham belgilangan:
- PhD uchun — ko‘pi bilan 120 bet;
- DSc uchun — ko‘pi bilan 200 bet.
Ijtimoiy-gumanitar fanlarda dissertatsiya hajmini 30 foizgacha oshirishga ruxsat etiladi.
Dissertatsiya yozmasdan ilmiy daraja olish mumkin bo‘ladimi?
Ha, loyihada bunday imkoniyat ham nazarda tutilgan. Biroq u barcha izlanuvchilarga emas, xalqaro ilmiy jurnallarda muhim natijalarni e’lon qilgan tadqiqotchilarga tegishli.
Bunda dissertatsiya o‘rniga kengaytirilgan tadqiqot taqdimoti tayyorlanadi.
Ushbu tartibda:
- PhD uchun kamida 6 ta, ijtimoiy-gumanitar fanlarda 4 ta ilmiy maqola;
- DSc uchun kamida 12 ta, ijtimoiy-gumanitar fanlarda 8 ta ilmiy maqola talab qilinadi.
Maqolalar belgilangan impakt-faktorga ega xalqaro ilmiy nashrlarda chop etilgan bo‘lishi va ularning yarmidan ortig‘i oxirgi uch yilga to‘g‘ri kelishi kerak.
Dissertatsiya himoyasida nimalar o‘zgaradi?
2027-yil 1-yanvardan ayrim ortiqcha bosqichlarni bekor qilish belgilangan.
Jumladan:
- Dissertatsiyani yetakchi tashkilotda muhokama qilish;
- Dissertatsiya mavzusini OAKda ro‘yxatdan o‘tkazish;
- Himoya haqida OAK orqali e’lon berish;
- Ilmiy kengash qarorini OAKda qayta tasdiqlash kabi tartiblar bekor qilinadi.
Yangi nizom loyihasiga ko‘ra, dissertatsiya avval bajarilgan tashkilotda ekspertizadan o‘tkaziladi. Ijobiy xulosa olingach, tegishli Ilmiy kengashga yuboriladi.
Dastlabki ekspertiza PhD uchun ikki oy, DSc uchun uch oy ichida yakunlanishi nazarda tutilmoqda.
Ilmiy daraja diplomi bir kunda beriladimi?
Loyihaga ko‘ra, Ilmiy kengash ilmiy daraja berish haqida qaror qabul qilganidan keyin bir ish kuni ichida diplomning elektron shakli talabgorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Diplom yo‘qolsa yoki yaroqsiz holga kelsa, uning dublikatini besh ish kuni ichida olish imkoniyati belgilanmoqda.
Chet tili imtihoni ham bekor qilinadimi?
2027-yil 1-yanvardan ilmiy daraja olishda chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish talabi bekor qilinishi belgilangan.
Biroq mustaqil izlanuvchilar bundan mustasno. Ular uchun mazkur imtihon talabi saqlanadi.
Plagiat aniqlansa nima bo‘ladi?
Loyihada ilmiy ishlardagi ko‘chirmachilik uchun javobgarlik ham ko‘zda tutilgan.
Plagiat aniqlangan taqdirda talabgorning dissertatsiyasi muhokamadan olinishi va uning ayni mavzu bo‘yicha qayta himoya qilish huquqidan mahrum etilishi mumkin.
Ilmiy rahbarlar va attestatsiya jarayonidagi ayrim mas’ullarga nisbatan ham bir yil muddatga cheklovlar qo‘llanishi nazarda tutilgan.
