Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha hududlarga bu yil kompensatsiya jamg‘armasidan 862 milliard so‘m ajratilishi kerak. 1-oktyabr holatiga shundan 543 milliard so‘mi o‘tkazilgan, 319 milliard so‘mi esa hali hududlarga yetib bormagan.
Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 3-chorak hisobotida ma’lum qilingan. Hujjat Jarayon ixtiyorida, u vazirlikning rasmiy sahifasida ham joylangan.
Eng katta loyihalar qaysilar?
Eng katta talab Samarqanddagi Imom Moturidiy maqbarasi atrofidagi loyihaga to‘g‘ri keladi: 150 milliard so‘m. Undan keyin Navoiydagi Karmana ko‘chasi va Xorazmdagi Urganch-Xiva yo‘li loyihalari turadi.
| Loyiha | Hudud | Talab | O‘tkazilgan | Ajratilishi lozim |
|---|---|---|---|---|
| Imom Moturidiy maqbarasi atrofidagi ko‘chmas mulklar | Samarqand | 150,0 | 112,6 | 37,4 |
| Karmana ko‘chasini kengaytirish (146 ta obyekt) | Navoiy | 146,0 | 25,0 | 121,0 |
| Urganch-Xiva pullik yo‘li, elektrlashtirilgan temir yo‘l va boshqa loyihalar | Xorazm | 117,3 | 109,4 | 7,9 |
| Chegara hududidagi yer uchastkalari | Namangan | 52,0 | 10,5 | 41,5 |
| Yangi Buxoro aeroportiga 23 km yangi yo‘l | Buxoro | 47,3 | 43,5 | 3,8 |
Summalar mlrd so‘mda, 1-oktyabr holatiga.
Qoldiqning eng katta qismi Navoiy viloyatiga to‘g‘ri keladi. Prezidentning 16-fevraldagi PQ-58-son qaroriga ko‘ra, Karmana ko‘chasi kengaytirilib, 146 ta obyekt ko‘chiriladi. Ularning egalariga kompensatsiya berish uchun 146 milliard so‘m kerak, hozircha 25 milliard so‘m o‘tkazilgan. Qolgan 121 milliard so‘m respublika bo‘yicha ajratilmagan mablag‘ning qariyb 38 foizini tashkil qiladi.
Shu qaror bilan Karmana tumanidagi Navoiy ko‘chasini bog‘lash uchun yana 14 ta obyekt ko‘chirilishi belgilangan. Bu loyiha uchun kerak bo‘lgan 16,8 milliard so‘mdan 6 milliardi o‘tkazilgan.
Qoldiq qaysi hududlarda ko‘p?
Ajratilmagan mablag‘ning 63 foizi ikki viloyatga, Navoiy va Namanganga to‘g‘ri keladi.

| Hudud | Ajratilishi lozim, mlrd so‘m |
|---|---|
| Navoiy viloyati | 150,6 |
| Namangan viloyati | 50,3 |
| Samarqand viloyati | 38,6 |
| Toshkent viloyati va Toshkent shahri | 24,0 |
| Farg‘ona viloyati | 17,6 |
| Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 11,2 |
| Xorazm viloyati | 7,9 |
| Andijon viloyati | 7,0 |
| Farg‘ona va Samarqand viloyatlari (umumiy loyiha) | 4,1 |
| Surxondaryo viloyati | 4,0 |
| Buxoro viloyati | 3,8 |
| Qashqadaryo va Jizzax viloyatlari | 0,0 |
Umuman olganda, Navoiy viloyatidagi to‘rt loyiha uchun 207 milliard so‘m talab qilingan. Bu respublika bo‘yicha jami summaning to‘rtdan biriga yaqin. Hozircha shundan 56,4 milliard so‘m o‘tkazilgan.
Qaysi loyihalar bo‘yicha pul to‘liq o‘tkazilgan?
Olti loyiha bo‘yicha mablag‘ to‘liq o‘tkazib berilgan. Ularning eng kattasi Buxoro shahridagi Nizomiy Ganjaviy mahallasida turizm markazlari qurilishi bilan bog‘liq: 39 milliard so‘m.
- Qashqadaryo: 4R-23 yo‘lini kengaytirish va Miraki mahallasidagi turizm obyektlari, 1,2 mlrd so‘m;
- Farg‘ona: Qo‘qon shahridagi turar-joy massivi, 8 mlrd so‘m;
- Qashqadaryo: Beshkent shahridagi yangi shifoxona, 7,9 mlrd so‘m;
- Toshkent viloyati: Zangiota chegara o‘tkazish punktini kengaytirish, 10 mlrd so‘m;
- Jizzax: Zomin texnoparki, 6 mlrd so‘m;
- Buxoro: Nizomiy Ganjaviy mahallasidagi turizm markazlari, 39 mlrd so‘m.
Andijon shahrida oqova suv tizimi qurilishi uchun 7 milliard so‘m kompensatsiya talab qilingan. Loyiha Prezidentning 25-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan, ammo 1-oktyabr holatiga unga hali mablag‘ o‘tkazilmagan.
Bunday qoldiqlar oldingi yillarda ham qayd etilgan. Bosh prokuratura vakili 2021-yilgi brifingda 2020-yil boshida buzilgan uylar va yer uchastkalari uchun 443 milliard so‘m to‘lanishi kerak bo‘lganini, yil davomida esa 202 milliard so‘m to‘langanini aytgan edi.
Ayrim hollarda kompensatsiya sud va Majburiy ijro byurosi orqali undiriladi. Masalan, 2025-yilda Toshkentda buzilgan uy-joylar bo‘yicha 63 ta ish doirasida 181,8 milliard so‘m undirib berilgan.
Qonunda kompensatsiya haqida nima deyilgan?
“Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra:
- kompensatsiyaga ko‘chmas mulk, yer uchastkasiga bo‘lgan huquq va ko‘p yillik daraxtlarning bozor qiymati, ko‘chish xarajatlari (vaqtinchalik ijara ham) va bir yilgacha boy berilgan foyda kiradi;
- noqulaylik uchun obyekt bozor qiymatining 5 foizi miqdorida bir martalik to‘lov beriladi;
- buzish haqidagi qaror kompensatsiya to‘liq to‘langandan keyingina qabul qilinadi;
- miqdorga rozi bo‘lmagan mulk egasi avval kompensatsiya komissiyasiga, keyin sudga murojaat qilishi mumkin. Nizo hal bo‘lmaguncha buzish haqida qaror chiqarilmaydi.




