Isroil chempionatining uchinchi divizionida o‘ynaydigan “Iyermiyagu Xolon” yoshlar jamoasining 17 yoshli futbolchisi 99 yilga diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda “One” nashri xabar bermoqda.
Bunga kiyinish xonasida raqibini kaltaklash bilan bog‘liq hodisa sabab bo‘lgan. Hujumning videoyozuvi internetda keng tarqalgan, klub esa mushtlashuv faktini tasdiqlagandi va futbolchining jamoadan chetlatilganini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, mojaroga jabrlangan futbolchi sabab bo‘lganini ta’kidlagan.
Klubning pozitsiyasiga qaramay, Isroil futbol assotsiatsiyasining intizomiy sudi ismi oshkor etilmagan hodisa ishtirokchisini 2124-yil noyabrigacha futboldan chetlashtirgan va unga 2500 shekel (taxminan 9,3 million so‘m) miqdorida jarima tayinlagan. Shuningdek, o‘z futbolchilari tomonidan takroriy qoidabuzarliklar sodir etilganda, klubdan har yili ochkolar olib qo‘yilishi mumkinligi bildirilgan.
