Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 911.71 −29.94 EUR 13 319.67 −63.34 RUB 146.49 −1.16

O‘zbekistonda har kuni 10 ming qadam yurganlarga qimmatbaho sovg‘alar berish taklif qilindi

O‘zbekistonda har kuni 10 ming qadam yurganlarga qimmatbaho sovg‘alar berish taklif qilindi

O‘zbekistonda bir yil davomida har kuni kamida 10 ming qadam yurgan fuqarolarni qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirish rejalashtirilmoqda. Respublika bo‘yicha eng yuqori natija ko‘rsatgan uch nafar ishtirokchi, shuningdek, har bir hududning yetakchilari alohida taqdirlanishi mumkin.

 

Sport vazirligi tomonidan “O‘n ming qadam piyoda” aksiyasini amalga oshirish va rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

 

Loyiha 3-noyabr kuni e’lon qilingan bo‘lib, muhokama 13-noyabrga qadar davom etadi.

 

Sovg‘a olish uchun qanday talablar qo‘yiladi?

 

Loyihaga ko‘ra, aksiyada 18 yoshga to‘lgan va undan katta O‘zbekiston fuqarolari ixtiyoriy ravishda ishtirok etishi mumkin.

 

Buning uchun fuqarolar “Ekofaol fuqaro” platformasining mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi.

 

Sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilish uchun bir yil davomida har kuni kamida 10 ming qadam yurish talab etiladi. Bunda nafaqat belgilangan kunlik me’yorni bajarish, balki boshqa ishtirokchilarga nisbatan ko‘proq qadam bosish ham muhim.

 

Bir yillik natijalar asosida respublika bo‘yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan fuqarolar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

 

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar ham alohida rag‘batlantiriladi.

 

G‘oliblar har yili dekabr oyining uchinchi o‘n kunligida taqdirlanishi rejalashtirilgan. Sovg‘alar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan beriladi.

 

Hujjatda sovg‘alarning aniq turi va puldagi qiymati ko‘rsatilmagan.

 

Qadamlar qanday hisoblanadi?

 

Loyihada ishtirokchilarning natijalarini maxsus mobil ilova orqali hisobga olish nazarda tutilgan.

 

Android qurilmalarida Google Fit, iPhone telefonlarida esa Apple HealthKit tizimidan foydalaniladi.

 

Ishtirokchilar OneID orqali ro‘yxatdan o‘tishi, faqat bitta shaxsiy akkaunt va bitta qurilmadan foydalanishi kerak bo‘ladi.

 

Qadamlar har kuni soat 00:00 dan 23:59 gacha hisoblanadi. Natijalar avtomatik ravishda platformaga uzatiladi.

 

Aksiya ishtirokchilarining reytingi maxsus veb-portalda yuritiladi, g‘oliblarning natijalari esa ochiq e’lon qilinadi.

 

Qadamni sun’iy ko‘paytirganlar musobaqadan chetlashtiriladi

 

Yangi tartibda natijalarni soxtalashtirishga qarshi choralar ham belgilangan.

 

Xususan, elektron yugurish yo‘lagi, avtomobil, velosiped, samokat va boshqa texnik vositalardan foydalanib qadamlar sonini sun’iy oshirish taqiqlanadi.

 

Boshqa shaxsning akkauntidan foydalanish yoki maxsus dasturlar yordamida natijalarni o‘zgartirish ham qoidabuzarlik hisoblanadi.

 

Operator ishtirokchining natijasi odatdagidan keskin yuqori bo‘lsa, sun’iy intellekt yoki avtomatlashtirilgan dasturlardan foydalanish alomatlari aniqlansa, tekshiruv o‘tkazishi mumkin.

 

Qoidabuzarlik tasdiqlansa, ishtirokchining natijalari bekor qilinadi va u aksiyadan chetlashtiriladi.

 

“10 ming qadam” aksiyasi avval ham mavjud edi

 

O‘zbekistonda piyoda yurishni rag‘batlantirish tizimi avval ham joriy etilgan.

 

2021-yilda “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi orqali kunlik qadamlar uchun pul mukofoti berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan, biroq 2022-yilda ushbu rag‘batlantirish tartibi bekor qilingan edi.

 

Yangi taklifda esa har kuni yurganlik uchun barcha ishtirokchilarga pul to‘lash emas, balki yil yakunida eng yaxshi natijalarni qayd etganlarni qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash nazarda tutilmoqda.