Toshkent metropolitenida kelgusida ayollar uchun alohida vagonlar tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin. Hozircha mavjud texnik sharoitlar va yo‘lovchilar oqimi bunday tartibni joriy etishga imkon bermaydi.
Bu haqda 3-noyabr kuni Toshkent metropoliteni rahbari o‘rinbosari Yo‘ldosh Yusupov OAV vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lovchilar tomonidan ayollar uchun maxsus vagonlar ajratish yuzasidan muntazam murojaatlar kelib tushmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ham bunday takliflar bildirilmoqda. Biroq hozirgi vaqtda mavjud infratuzilma va texnik imkoniyatlar ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun yetarli emas.
Metropoliten vakili kelgusida yangi yo‘nalishlarni loyihalashtirish va yangi poyezdlarni xarid qilish jarayonida ayollar uchun alohida vagonlar tashkil etish imkoniyati inobatga olinishi mumkinligini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent metrosi yo‘lovchilarining taxminan 40 foizini ayollar tashkil etadi. Mutasaddilarning fikricha, maxsus vagonlar ajratilishi jamoat transportida ayollarga nisbatan shilqimlik va boshqa nomaqbul xatti-harakatlarning oldini olishga xizmat qilishi mumkin.
Qayd etish joiz, ayollar uchun alohida metro vagonlari Yaponiya, Hindiston, Misr, Braziliya, Eron va Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlarda mavjud. Ayrim davlatlarda bunday vagonlar doimiy faoliyat yuritsa, boshqalarida faqat tig‘iz vaqtlarda xizmat ko‘rsatadi.
Hozircha Toshkent metrosida ayollar uchun alohida vagonlar qachondan joriy etilishi yuzasidan aniq qaror yoki muddat e’lon qilinmagan.
