Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda yangi aeroport qurilishi va aviaqatnovlarni kengaytirish rejalari haqida ma’lumot berildi.
Buxoroda xalqaro standartlarga mos, qiymati 300 million dollar bo‘lgan yangi aeroport qurilmoqda. U bir vaqtning o‘zida 20 ta samolyot va 1 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi.
Aeroportni shahar markazi bilan bog‘lash uchun 24 kilometrlik avtomobil yo‘li barpo etiladi. Shuningdek, avtobuslar uchun 5,5 kilometrlik BRT yo‘lagini tashkil etish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari aeroport va unga olib boradigan yo‘lni Mustaqillik bayramigacha foydalanishga topshirish vazifasini qo‘ydi. Yangi infratuzilma Buxoroga keluvchi yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratishi va hududning transport imkoniyatlarini kengaytirishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Turkiyaning “Pegasus” aviakompaniyasi Buxoroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarni yo‘lga qo‘yayotgani ham qayd etildi. Kelasi yil Malayziya, Indoneziya, Kuvayt, Misr va Bahrayn bilan ham aviaqatnovlarni boshlash topshirildi.
