O‘zbekistonda jamoat ishlarida faol qatnashgan fuqarolarga davlat universitetlaridagi kontrakt to‘lovining 5 foizini qoplab berish, davlat xizmatlari uchun 10 foiz chegirma va avtomobil krediti boshlang‘ich badalining bir qismini to‘lash taklif etilmoqda. Buning uchun fuqarolar maxsus ijtimoiy mezonlar asosida baholanib, “Jamiyatdagi faol fuqaro” maqomini olishi kerak bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarni ‘Jamiyatdagi faol fuqaro’ deb topish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hujjat Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi PF–22-son Farmonida belgilangan “Jamiyatdagi faollikni rag‘batlantirish” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.
Faol fuqarolarga qanday imtiyozlar beriladi?
Qaror loyihasiga ko‘ra, “Jamiyatdagi faol fuqaro” maqomini olgan shaxslarga quyidagi imtiyozlardan biri taqdim etiladi:
- Davlat xizmatlariga 10 foiz chegirma. Qonunchilikda belgilangan yig‘im va to‘lovlar 10 foizga kamaytiriladi. Bunda davlat boji va yuridik shaxs vakili sifatida murojaat qilish holatlari istisno etiladi.
- Kontrakt to‘lovining 5 foizini qoplash. Davlat oliy ta’lim tashkilotida o‘qish uchun tuzilgan shartnoma summasining 5 foizi universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
- Avtomobil krediti uchun yordam. Transport vositasi xarid qilish uchun olingan kreditning boshlang‘ich badali 3 foizini qoplash nazarda tutilmoqda. Bunda yordam miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan oshmasligi kerak.
Bundan tashqari, mazkur maqomga ega fuqarolar “Faol fuqaro” nishoni bilan taqdirlanadi. Ularning yashash xonadoniga maxsus belgi ham o‘rnatiladi.
Qaror loyihasi
Imtiyozlardan biri berilishi nazarda tutilgan. Maqomni olish uchun kamida 75 ball (soat) va belgilangan kvota talablari mavjud.
Har bir tumanda yiliga 208 nafar fuqaro tanlanadi
Loyihaga ilova qilingan ma’muriy reglamentga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi har bir tuman yoki shahar bo‘yicha bir yil davomida 208 nafar fuqaro “Jamiyatdagi faol fuqaro” deb topilishi rejalashtirilmoqda.
Maqom bir yil davomida amal qiladi.
Fuqarolarning jamiyat hayotidagi faolligi belgilangan ijtimoiy mezonlar asosida baholanadi.
Bunda talabgor kamida 75 ball (soat) to‘plashi kerak bo‘ladi. Belgilangan kvotadan kelib chiqib, yuqori natija qayd etgan fuqarolarga maqom beriladi.
Agar ikki yoki undan ortiq fuqaroning ballari teng bo‘lsa, birinchi murojaat qilgan talabgorga ustunlik beriladi.
“Faol fuqaro” maqomini qanday olish mumkin?
Qaror loyihasida ariza topshirish va baholash tartibi ham belgilangan.
Fuqarolar har oyning 15-sanasiga qadar Davlat xizmatlari markaziga shaxsan borib yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur davlat xizmati bepul ko‘rsatilishi taklif etilmoqda.
Arizaga fuqaroning jamoat ishlaridagi ishtirokini tasdiqlovchi fotosuratlar, videolar, maqolalar va boshqa materiallar ilova qilinadi.
Tegishli tashkilotlar har oyning 25-sanasigacha arizalarni o‘rganib, natijalarni “Raqamli mahalla” elektron platformasiga kiritadi.
Baholash jarayonida tuman yoki shahar ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘limlari, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, mahalla raislari, xotin-qizlar faollari va yoshlar yetakchilari ishtirok etadi.
To‘plangan ballar elektron tizimda umumlashtirilib, belgilangan talablarga javob bergan fuqarolarga QR-kodli elektron ma’lumotnoma beriladi.
Kontrakt pulining 5 foizi qanday qoplanadi?
Loyihaga ko‘ra, davlat oliy ta’lim tashkilotida tahsil olayotgan fuqaro “Jamiyatdagi faol fuqaro” maqomiga ega bo‘lsa, uning kontrakt to‘lovining 5 foizini qoplash imkoniyati yaratiladi.
Bu imtiyoz ta’lim shartnomasini rasmiylashtirish vaqtida qo‘llanadi.
Agar talaba kontrakt shartnomasini tuzganidan keyin faol fuqaro maqomini olsa, universitetga murojaat qilib, shartnomani qayta rasmiylashtirish orqali imtiyozdan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Kontraktning tegishli qismi oliy ta’lim tashkilotining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Masalan, kontrakt qiymati 20 million so‘m bo‘lsa, uning 5 foizi 1 million so‘mni tashkil etadi.
Avtomobil krediti bo‘yicha mablag‘ni kim to‘laydi?
Loyihada avtomobil sotib olish uchun tijorat bankidan kredit olgan faol fuqarolarga ham yordam ko‘rsatish nazarda tutilgan.
Bunda fuqaroning maqomi bank tomonidan elektron tizim orqali tekshiriladi.
Bank tegishli mablag‘ni qoplash uchun O‘zbekiston mahallalari uyushmasining jamg‘armasiga elektron buyurtma yuboradi.
Jamg‘arma arizani uch ish kuni ichida o‘rganib, asosli deb topilgan taqdirda pulni bank hisobvarag‘iga o‘tkazadi.
Mazkur yordam bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan oshmaydi.
Imtiyozlar hozirdan amal qiladimi?
Yo‘q. Hujjat hozircha qaror loyihasi hisoblanadi.
Unda nazarda tutilgan chegirmalar, kontrakt to‘lovining bir qismini qoplash va avtomobil kreditiga yordam berish mexanizmlari qaror belgilangan tartibda qabul qilinib, kuchga kirganidan keyingina qo‘llanilishi mumkin.
