Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 839.59 +6.22 EUR 13 569.35 −8.26 RUB 140.42 +0.63

SI tufayli tejalgan vaqtning asosiy qismi u yoʻl qoʻygan xatolarni tuzatishga ketadi

Axios nashriga ko‘ra, sun’iy intellekt (SI) ish jarayonlarida xodimlar vaqtini tejashga kutilganidek yordam bermayapti. O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatadiki, ishtirokchilarning atigi 14 foizi SI haqiqatan ham ularning ish vaqtini qisqartirganini tan olgan.

 

Respondentlarning 37 foizi ortgan vaqtini SI tomonidan tushirilgan «qovunlar” — ya’ni xatolar, noto‘g‘ri javoblar, chala tahlillarni tuzatishga sarflashini aytgan. Ya’ni, sun’iy intellekt vazifani yengillashtirish o‘rniga, ayrim hollarda uni ikki baravar murakkab qilib qo‘ymoqda.

 

Shu bilan birga, muammo faqat texnologiyada emas. Rahbarlar orasida SIga nisbatan haddan tashqari optimistik qarash shakllanib ulgurgan. Ko‘plab menejerlar uni xodimlar uchun deyarli bepul va doim tayyor “raqamli assistent” sifatida ko‘rib, undan faol foydalanishni tavsiya qilmoqda. Natijada xodimlar zimmasiga nafaqat asosiy vazifalar, balki sun’iy intellekt chiqargan natijalarni tekshirish, tuzatish va qayta ishlash ham yuklanmoqda.

 

Bu holat ishlab chiqarishda paradoksni yuzaga keltirmoqda: xodimlar SI’dan qanchalik ko‘p foydalansa, shunchalik ko‘p vaqt uning kamchiliklarini bartaraf etishga sarflamoqda. Natijada kutilgan samaradorlik o‘rniga charchoq, norozilik va ish unumdorligining pasayishi kuzatilmoqda.

 

Avvalroq olib borilgan MIT va Harvard Business Review tadqiqotlari ham aynan shu muammoni ko‘rsatib bergan edi. Tadqiqotchilar fikricha, sun’iy intellektdan noto‘g‘ri foydalanish inson mehnatini yengillashtirish o‘rniga, unga qo‘shimcha yuk bo‘lib qolishi mumkin.