Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

Iqtisodiyot

Jahon banki O‘zbekiston elektr tarmoqlari uchun 100 million dollar kredit ajratdi

Nilufar Qobilova 19.05.20252 daqiqa o'qiladi
Pochta :47

Jahon banki O‘zbekistonga elektr energiyasini ishonchli yetkazib berishni ta’minlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini milliy tarmoqqa integratsiyalash uchun 100 million dollarlik imtiyozli kredit ajratishga qaror qildi.

Bu mablag‘lar natijaga yo‘naltirilgan moliyalashtirish modeli asosida taqdim etiladi, bu esa O‘zbekistonda ilk tajriba hisoblanadi.

Investitsiyalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo viloyati va boshqa ustuvor hududlarda elektr uzatish tarmoqlari va infratuzilmasini yangilashga qaratilgan.

Dastur quyidagi asosiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi: 6 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish, 1 200 ta transformatorni almashtirish, 150 mingta “aqlli” hisoblagich o‘rnatish va raqamli boshqaruv tizimini joriy qilish. Bu orqali elektr tarmoqlari faoliyatining avtomatlashtirilishi va uzatish sifati oshirilishi kutilmoqda.

Loyiha doirasida “HET” AJning moliyaviy va boshqaruv salohiyati ham takomillashtiriladi. Jumladan, korporativ boshqaruv, buxgalteriya hisobi, moliyaviy rejalashtirish va tarif siyosatini takomillashtirish choralari rejalashtirilgan.

Jahon banki vakillarining qayd etishicha, loyiha elektr energiyasiga bo‘lgan ishonchni kuchaytirish bilan birga, issiqxona gazlari chiqindilarini yiliga 450 ming tonnagacha qisqartirishga ham xizmat qiladi. Bundan tashqari, gender tengligi masalasiga ham e’tibor qaratilib, “HET” AJda ayollar ulushini 2025-yildagi 9 foizdan 2029-yilga borib 14 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Rasmiylar ushbu tashabbus xalqaro hamkorlar va xususiy investorlar uchun ijobiy signal bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ayni damda davlat tomonidan umumiy qiymati 3 milliard dollarga teng taqsimot tarmoqlarini modernizatsiya qilish dasturi ustida ish olib borilmoqda.

Ma’lumotda qayd etilishicha, mazkur loyihaning umumiy qiymati 150 million dollarni tashkil etadi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (“HET” AJ) ham qo‘shimcha 50 million dollar ajratadi.

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *