O‘zbekiston hukumati nihoyat avtomobillar uchun “ekologik stiker” tizimini joriy qildi. Endi mashinalar xuddi svetofor kabi uch xil rangga — yashil, sariq va qizilga ajratiladi. Xo‘sh, bu oddiy haydovchi uchun nimani anglatadi? Eski “Jiguli”si borlar endi shahar markaziga kira olmaydimi?
Quyida yangi qarorning mohiyati va dunyo davlatlarida bu tizim qanday ishlayotganini tahlil qilamiz.
Ranglar nimani anglatadi?
Hukumat qaroriga ko‘ra, transport vositalari dvigatelining ekologik darajasiga qarab uch toifaga bo‘linadi. Bu tizimning ishlash tartibi quyidagicha soddalashtirilgan:
“Toza” toifa (Yashil stiker): Bunga kimlar kiradi?
Benzin va gazda yuradigan mashinalar: Agar dvigatel Yevro-2 va undan yuqori standartda bo‘lsa.
Dizel mashinalar: Yevro-4 va undan yuqori bo‘lsa.
Elektromobillar, gibridlar va ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan barcha yangi mashinalar.
O‘zbekistondagi aksariyat zamonaviy benzin avtomobillari (hatto nisbatan eskiroq bo‘lsa ham, agar Yevro-2 bo‘lsa) «yashil» toifaga kiradi. Bu Yevropa standartlariga qaraganda ancha yumshoq talabdir.
Mavzuga doir: “Qizil, sariq, yashil”: O‘zbekistonda avtomobillar uchun ekologik stiker tizimi joriy etildi
“O‘rta” toifa (Sariq stiker):
Benzin/Gaz: Yevro-0 va Yevro-1 standartidagi mashinalar.
Dizel: Yevro-3 standartidagi mashinalar.
“Zararli” toifa (Qizil stiker):
Faqat dizel yonilg‘isida yuradigan, Yevro-2 va undan past standartdagi (juda eski) texnikalar ushbu «qora ro‘yxat»ga tushadi.
Bu tizim dunyoda qanday ishlaydi?
O‘zbekistonda joriy qilingan bu tizim dunyoning rivojlangan davlatlarida allaqachon ishlab turibdi. Ular ekologik toifalarni qanday boshqaradi?
Germaniya: “Umweltzone” (Yashil hududlar)

Germaniya shaharlarida 2008-yildan beri maxsus ekologik zonalar mavjud.
U yerda ham mashinalar qizil, sariq va yashil rangli stikerlarga ajratilgan.
Hozirgi kunda Germaniyaning deyarli barcha yirik shaharlari markaziga faqat yashil stikerli mashinalar kirishi mumkin. Sariq va qizil stikerli mashinalar shahar chetda qoldirilishi shart.
Stikersiz yoki noto‘g‘ri rangdagi stiker bilan zonaga kirish 100 yevro atrofida jarimaga sabab bo‘ladi.
Fransiya: “Crit Air” tizimi

Parij va boshqa shaharlarda havo sifati uchun 6 xil rangdagi stikerlar joriy qilingan.
Ular mashinalarni 0 dan (elektromobil) 5 gacha (eng iflos dizel) raqamlaydi.
Havo ifloslanishi kuchaygan kunlarda shaharga faqat toza (masalan, 0, 1 va 2-toifa) mashinalar kirishiga ruxsat beriladi. Qolganlar harakatlanishi taqiqlanadi.
London: Pul to‘lasang — yuraver

Buyuk Britaniya poytaxtida taqiq emas, moliyaviy “jazo” usuli tanlangan.
Agar mashinangiz talabga javob bermasa (Benzin uchun Yevro-4 dan past bo‘lsa), shahar markazida yurish taqiqlanmaydi, lekin buning uchun kuniga 12.50 funt (taxminan 200 ming so‘m) to‘lashingiz kerak bo‘ladi.
Odamlar esa bu vaziyatda pul to‘lagandan ko‘ra, mashinasini yangilashni afzal ko‘rmoqda.
Biz Yevropa emasmiz: O‘zimizga o‘xshaganlar buni qanday uddalayapti?
To‘g‘ri, Berlin yoki Parijdagi kabi “faqat yangi mashina haydash” talabini birdaniga qo‘yish bizning iqtisodiy sharoitimizga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin dunyoda aholisi zich, mashinasi eski, ammo havoni tozalashga majbur bo‘lgan davlatlar ham bor.
Xo‘sh, aholi zichligi yuqori hamda rivojlanayotgan davlatlar bu muammoni qanday hal qilyapti?
Xitoy tajribasi: “Yashil raqam” imtiyozlari

Xitoy iqtisodiyoti tez o‘sgani bilan, bir paytlar Pekin havosi Toshkentnikidan bir necha barobar yomon edi. Ular muammoni faqat taqiq bilan emas, rag‘batlantirish bilan yechishdi.
U yerda oddiy (benzin/dizel) mashinalarga ko‘k, elektromobillarga esa yashil davlat raqami beriladi.
Katta shaharlarda oddiy raqamli mashinani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yillab navbat kutish yoki kimoshdi savdosida katta pul to‘lash kerak. “Yashil raqam” egalari esa navbatsiz va tekinga ro‘yxatdan o‘tadi.
Bizga nima daxli bor? O‘zbekistonda joriy qilingan “yashil stiker” kelajakda elektromobillarga shahar markazida bepul parkovka yoki avtobus yo‘lagida yurish yoki shu kabi yana boshqa imtiyozlarni berish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Hindiston: Eski dizelga shafqat yo‘q

Dehli shahri havoning iflosligi bo‘yicha dunyoda yetakchilardan. Aholining daromadi O‘zbekistonga yaqin, mashinalar esa juda eski. Ular nima qildi?
Hindiston ham xuddi bizdagi kabi mashinalarni yonilg‘i turiga qarab to‘q sariq (dizel), och ko‘k (benzin/gaz) va kulrang (boshqa) stikerlarga ajratgan.
Vaziyat og‘irlashganda, hukumat 10 yildan eski dizel va 15 yildan eski benzin mashinalarning poytaxt ko‘chalarida yurishini butunlay taqiqladi.
O‘zbekistonda qabul qilingan yangi qarorda ham aynan dizel mashinalarga eng qattiq talablar (faqat Yevro-4 va undan yuqori bo‘lsa “toza” hisoblanadi) qo‘yilgan.
Bu shuni anglatadiki, biz ham Hindiston yo‘lidan ketib, birinchi navbatda eski dizel “Kamaz” va avtobuslardan qutulishni reja qilyapmiz.
Meksika: “Bugun sen haydamaysan”

Meksika poytaxti – smog ichida qolgan megapolis. Ular qimmat kameralar o‘rnatish o‘rniga, juda oddiy va xalqona usulni qo‘llagan.
«Hoy No Circula» dasturi: Bu “Bugun haydamaysan” degan ma’noni anglatadi. Har bir mashinaga maxsus gologramma yopishtiriladi.
Agar mashinangiz eskiroq ya’ni “o‘rta” yoki “zararli” toifa bo‘lsa, haftaning ma’lum bir kunida rulga o‘tirishingiz taqiqlanadi. Agar mashina juda eski bo‘lsa, belgilangan kundan tashqari shanba kunlari ham hayday olmaysiz. Faqat “toza” mashinalar (00 toifasi) har kuni yura oladi.
Odamlar haftada bir kun jamoat transportiga o‘tishga majbur bo‘ldi. Bu tizim O‘zbekiston uchun ham eng real ssenariylardan biri bo‘lishi mumkin ya’ni “qizil” stikerli mashinalar shaharga umuman kiritilmaslik emas, balki ma’lum kunlarda yoki soatlarda (pik vaqtida) harakatlanishi cheklanishi ehtimoli bor.
Bizga nima foyda-yu, nima zarar?
Yangi qaror oddiy haydovchiga qanday ta’sir qiladi?
Foydali tomoni, Agar kelajakda “qizil” mashinalarning shahar markaziga kirishi cheklansa, tirbandlik kamayadi va nafas olayotgan havomiz tozalanadi.
Xavotirli tomoni esa hozircha faqat stikerlar joriy qilindi, ammo bu cheklovlar shaharning aynan qaysi hududlariga amal qilishi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Agar Germaniya tajribasi qo‘llansa, eski “Jiguli” yoki “Moskvich” haydovchilari o‘z mashinalaridan faqat qishloq joylarda foydalanishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.
O‘zbekiston tanlagan Yevro-2 standarti (benzin uchun) juda yumshoq boshlanishdir. Bu degani, hozirgi “Nexia” va “Lacetti”larning aksariyati bemalol “yashil” stiker oladi. Ammo “qizil” toifa dizelda yuruvchi mashina egalari uchun jiddiy signaldir.
