Hukumat qarori bilan avtotransport vositalarining chiqindi gazlari zararlilik darajasini aniqlash, ularni ekologik toifalarga ajratish hamda ekostikerlar berish tartibini belgilovchi nizom tasdiqlandi. Yangi tartib transport vositalarini ekologik sinfiga qarab “toza”, “o‘rta” va “zararli” toifalarga bo‘lishni nazarda tutadi.
Nizomga ko‘ra, ekologik toifa avtomobil ishlab chiqaruvchisi tomonidan belgilangan ekologik sinfga muvofiq aniqlanadi.
Benzin, siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanuvchi transport vositalari uchun:
“Yevro-2” va undan yuqori — “toza” toifa;
“Yevro-0” va “Yevro-1” — “o‘rta” toifa.
Dizel yonilg‘isida harakatlanuvchi transport vositalari uchun:
“Yevro-4” va undan yuqori — “toza” toifa;
“Yevro-3” — “o‘rta” toifa;
“Yevro-0”, “Yevro-1”, “Yevro-2” — “zararli” toifa.
Shuningdek, gibrid transport vositalari, muqobil yonilg‘ida harakatlanuvchi avtomobillar hamda ishlab chiqarilganiga uch yildan oshmagan avtotransport vositalari avtomatik ravishda “toza” ekologik toifaga kiritiladi.
Ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatga olish jarayonida avtomobil ekologik toifasiga qarab quyidagi rangdagi ekostikerlar beriladi:
“toza” toifa — yashil rang,
“o‘rta” toifa — sariq rang,
“zararli” toifa — qizil rang.
Ekologik stikerlarni Davlat yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalaridagi ekologik operatorlar beradi. Transport egalari, shuningdek, ixtiyoriy ravishda YHX xizmati rasmiy veb-sayti yoki my.gov.uz platformasi orqali murojaat qilib, ekologik toifa mezonlariga mos holda stiker olishlari mumkin.
Nizomga ko‘ra, ekologik stikerlar muddatsiz beriladi.
