Promptlar – sunʼiy intellektga yoʻnalish berish uchun birgalikda ishlaydigan bir nechta asosiy qismlardan tashkil topgan. Har bir prompt bu qismlarning barchasini oʻz ichiga olmaydi, ammo har bir qism qanday ishlashini tushunish sizga aniqroq va samaraliroq soʻrovlar yaratishga yordam beradi.
Promptning asosiy qismlari quyidagilardan iborat:
- Yoʻriqnoma (Directive);
- Misollar (Examples);
- Rol (Persona);
- Natijaviy format (Output Formatting);
- Qoʻshimcha maʼlumot (Additional Information).
1. Yoʻriqnoma (Directive)
Yoʻriqnoma – bu promptdagi asosiy koʻrsatma boʻlib, SIga aynan qanday vazifa bajarishi kerakligini bildiradi. Aniq yoʻriqnoma boʻlmasa, SI umumiy yoki mavzuga aloqasi boʻlmagan javob qaytarishi mumkin.
Yoʻriqnoma nima?
Bu qisqacha koʻrsatma yoki savol boʻlib, SIga qanday harakat qilish kerakligini bildiradi. U matn yozish, masalani yechish yoki maʼlumotni maʼlum bir formatda taqdim etishni oʻz ichiga olishi mumkin.
Misol:
1.Aniq yoʻriqnoma bilan prompt: Menga oʻqish uchun beshta yaxshi kitob ayting.
2. Biroz yashirin (implied) yoʻriqnomalar ham mavjud: Night – Tun; Morning – …
Bu yerda koʻrsatma bevosita aytilmagan boʻlsa-da, misol shakli orqali SIga tarjima vazifasi yuklanadi.
Yoʻriqnoma yozishdagi eng yaxshi amaliyotlar:
aniq va qisqa yozing;
mavhum yoki noaniq koʻrsatmalardan saqlaning;
iloji boʻlsa, harakat bildiruvchi feʼllardan foydalaning “yozing”, “sanab chiqing”, “tarjima qiling” kabi.
2. Misollar (Examples)
Vazifa murakkab boʻlgan hollarda, SIga kutilgan natijani tushuntirish uchun misollar kiritish foydalidir. Bu yondashuv ayniqsa “one-shot” va “few-shot prompting” usullarida qoʻllaniladi, yaʼni modelga bitta yoki bir nechta namunaviy javob koʻrsatiladi.
Nima uchun misollardan foydalaniladi?
Misollar natijaning qanday format, uslub yoki tuzilishga ega boʻlishini koʻrsatadi. Misollar SI xatti-harakatlarini yoʻnaltiradi va aniqroq javob olishga yordam beradi.
Misol:
Quyidagi jumlalarni tarjima qiling:
- inglizcha: I like apples.
- oʻzbekcha: Men olmalarni yaxshi koʻraman.
- inglizcha: I enjoy walking.
- oʻzbekcha: –
SI bu yerda qanday tarjima qilishni misoldan oʻrganadi va keyingi jumlalarni ham shu andozaga muvofiq tarjima qiladi.
Eng yaxshi amaliyotlar:
- vazifaga mos va aniq misollar bering;
- kutilayotgan natijaning strukturasi va mazmunini koʻrsating;
- misollar sonini vazifa murakkabligiga qarab moslashtiring.
3. Rol (Persona)
SIga maʼlum rol yuklash (masalan, mutaxassis, shifokor, jurnalist kabi) javob uslubi va mazmuniga taʼsir qiladi. Bu modelga maʼlum ohang va kontekstdan foydalanishga yordam beradi.
Rol nima? Bu SIga oʻzini kim sifatida tasavvur qilishi kerakligini bildiradigan koʻrsatmadir. Rol berish model javobining aniqligini oshiradi, ayniqsa soha boʻyicha maxsus bilimlar yoki ohang talab qilingan hollarda.
Misol:
SIga huquqshunos rolini yuklash:
Siz huquqshunossiz. Quyidagi keysdan kelib chiqib vaziyatga huquqiy baho bering.
Eng yaxshi amaliyotlar:
- rol tanlashda vazifaga mos mutaxassislikni belgilang;
- maxsus uslub yoki nutq ohangi kerak boʻlsa, roldan foydalaning;
- rol bilan birga qoʻshimcha kontekst ham taqdim qiling.
4. Natijaviy Format (Output Formatting)
Baʼzida SIdan olingan natijaning maʼlum strukturada boʻlishi muhim. Bu roʻyxat, jadval, odatiy paragraf, CSV, Markdown kabi shakllar boʻlishi mumkin. Format koʻrsatmasi notoʻgʻri shakldagi natijalarning oldini oladi.
Nima uchun format muhim?
Aniq format koʻrsatmasi boʻlmasa, SI toʻgʻri maʼlumot bersa ham, foydalanuvchiga kerakli koʻrinishda boʻlmasligi mumkin. Aynan formatlash natijani tahlil qilishni yoki dasturda qayta ishlashni osonlashtiradi.
Misol:
- CSV formatda natija talab qilish:
- Ish: 2024_ABC_International
- Mijoz: XYZ Corporation
- Yurisdiksiya: Yevropa Ittifoqi va AQSH
- Holati: Faol
- Yetakchi advokat: Jon Doye
- Keyingi sud: 2024-10-15
- Ushbu maʼlumotni CSV formatda chiqaring.
Natija:
Case, Client, Jurisdiction, Filed Date, Status, Lead Attorney, Next Hearing 2024_ABC_International, XYZ Corporation, EU & USA, 2024-09-01, Active, John Doe, 2024-10-15
5. Qoʻshimcha Maʼlumot (Additional Information)
Baʼzan “kontekst” deb ataladigan bu element SIga zarur fon maʼlumotini beradi. Bu, ayniqsa, murakkab yoki sohaviy vazifalarda toʻgʻri va aniq javob olish uchun juda muhim.
Qoʻshimcha maʼlumot nima?
Bu – SIga aniqroq javob berishi uchun zarur boʻlgan faktlar, tarixiy maʼlumotlar yoki statistikalar. SI oʻzi bu maʼlumotlarni “bilmasligi” mumkin, shuning uchun siz taqdim etishingiz kerak.
Misol:
Qoʻshimcha maʼlumot:
- 2020-yil 12-may: Mijoz avtoulov boshqarib ketayotib piyodani urib yuborgan. Jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yetgan. Dastlabki tergov natijasida Jinoyat kodeksining 266 moddasi 1-qismi boʻyicha ish ochilgan.
- 2020-yil 25-iyun: Jabrlanuvchi bilan yarashuvga erishilgan. Fuqarolik daʼvosi qanoatlantirilgan. Ish sud tomonidan tugatilgan.
- 2022-yil 3-dekabr: Mijoz yana yoʻl harakati qoidalarini buzgan. Spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda avtomobil boshqarganligi uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 131-moddasi asosida javobgarlikka tortilgan.
Prompt:
Siz advokatsiz. Ushbu keys asosida mijozning kelajakda jinoyat yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilish ehtimolini baholang. Mavjud qonunchilik va amaliyot asosida xulosalar chiqaring.
Eng yaxshi amaliyotlar:
- faqat zarur maʼlumotni kiriting. Keraksiz tafsilotlarni sunʼiy intellektga joʻnatmang;
- maʼlumot va vazifa oʻrtasidagi bogʻliqlikni taʼminlang;
- SIga oʻzi ega boʻlmagan zarur vaziyatni taqdim eting.
Prompt qismlarining tavsiya etilgan tartibi
Prompt qismlarini joylashtirishning yagona toʻgʻri usuli yoʻq, ammo samarali natija olish uchun tavsiya etilgan tartib mavjud:
- misollar (agar kerak boʻlsa);
- qoʻshimcha maʼlumot;
- rol (kim sifatida javob berishi kerak);
- yoʻriqnoma (aniq vazifa);
- format koʻrsatmasi.
Misol:
1. Misol: 2024-yil 20-fevral: Mijoz ishlayotgan kompaniyadan hech qanday sababsiz ishdan boʻshatilgan. Mehnat shartnomasida belgilangan 1 oylik ogohlantirish muddati buzilgan. Sud ishni koʻrib chiqib, ishdan boʻshatishni noqonuniy deb topgan va kompensatsiya tayinlagan.
Xulosa: Mehnat qonunchiligi buzilgan, mijoz foydasiga qaror chiqarilgan.
2. Qoʻshimcha maʼlumot: 2025-yil 5-aprel: Mijoz ishlayotgan tashkilot moliyaviy inqiroz sababli ishchilar sonini qisqartirishga qaror qilgan. Mijoz 3-yildan beri ishlayotgan boʻlishiga qaramasdan, qisqartirishga tushgan. Mijozga 2 hafta oldin ogohlantirish berilgan, ammo toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan. 2025-yil 25-aprel: Mijoz kompaniyaga yozma ravishda mehnat huquqlari buzilganini bildirgan va ishga tiklashni soʻrab murojaat qilgan, biroq javob olmagan.
Prompt: Siz mehnat huquqi boʻyicha tajribali yuristsiz. Yuqoridagi holatni mehnat qonunchiligi nuqtayi nazaridan tahlil qiling va mijozning ishga tiklanish imkoniyati bor-yoʻqligini huquqiy asosda baholang.
Javobingizni quyidagi shaklda taqdim eting:
- huquqiy tahlil (Oʻzbekiston qonunchiligiga tayanib);
- mijozning daʼvosi asoslimi yoki yoʻq;
- yehtimoliy sud qarori prognozi;
- tavsiya etilgan keyingi huquqiy qadamlar.
Nega bu tartib muhim?
Promptda yoʻriqnoma oxirida kelsa, SI avval maʼlumotlarni qayta ishlaydi va keyin vazifaga eʼtibor beradi. Agar yoʻriqnoma boshida boʻlsa, model vazifani bajarmasdan kontekstni davom ettirib yuborishi mumkin (chunki SIlar odatda “navbatdagi soʻz”ni bashorat qilishga oʻrgatilgan).
Xulosa qilib aytganda samarali prompt yozish uchun uning asosiy qismlarini tushunish zarur: yoʻriqnoma, misollar, rol, format va qoʻshimcha maʼlumot. Bu elementlar orqali siz SIdan aniq, toʻgʻri va foydali javoblar olishingiz mumkin. Turli kombinatsiyalar bilan tajriba qilish esa har xil vazifalar uchun optimal soʻrovlarni shakllantirishga yordam beradi.
