Xorazm viloyatida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ishlovchi ikki nafar xodim fuqarolardan pul undirishga uringani uchun qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati axborot berdi.
Tuproqqal’a tuman FVV bo‘limi xodimi Hazorasp tumanida yashovchi fuqaroga viloyat FVV boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 1,500 AQSh dollari so‘radi. Tezkor tadbir davomida u 400 dollar va 1,3 million so‘m olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shovot tumanida esa yana bir FVV xodimi fuqaroni ichki ishlar tizimidagi tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasini olib berishga va’da berib, 1,400 dollar va 1,3 million so‘m olgan. Bu holat ham hujjatlashtirildi.
Ikkala holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168- (firibgarlik) va 211- (pora olish) moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, tergov ishlari davom etmoqda.