Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida, “Telegram” messenjeri orqali narkotik vositalarni sotib kelgan narkoguruhning besh a’zosi qo‘lga olindi. Ular Toshkent shahrining Yangihayot tumanida ijarada yashab, noqonuniy faoliyat olib borgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxslar 400 gramm “Alfa-PVP” sintetik narkotik moddani 0,3 grammli qismlarga ajratib, Andijon viloyatidagi xaridorlarga yetkazish uchun yo‘lga chiqqan paytda ushlangan.
Qo‘lga olinganlarning ko‘rsatmasiga asosan, ular tomonidan Andijon viloyatida yashirin ravishda joylashtirilgan 53 ta paketli qadoq — har biri 0,3 gramm “Alfa-PVP” moddasidan iborat — protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tezkor tadbir davomida guruh operatori, Andijon viloyatining Izboskan tumanida yashovchi, 2003 yilda tug‘ilgan shaxs ham Yangihayot tumanida qo‘lga olinib, unga tegishli avtomashina yukxonasidan 986 gramm “gashish” va 7 kilogramm “Alfa-PVP” moddasi topildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, narkoguruh a’zolari mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan giyohvandlik vositalarini Toshkent shahri, shuningdek Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand va Buxoro viloyatlarida sotish bilan shug‘ullangan.
Ular ustidan Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish belgilandi.
Tergov harakatlari davom etmoqda.