Jahon ilm-fani yana bir katta qadam tashlamoqda: olimlar sun’iy inson DNKsi yaratish ustida ishlashni boshladi. Bu haqda yetakchi genetika markazlari xabar bermoqda.
Loyiha doirasida tadqiqotlar hozircha faqat laboratoriya sharoitida — probirkalar va Petri kosachalarida olib boriladi. Sun’iy hayotni to‘liq yaratishga hozircha urinilmayapti. Biroq, yangi texnologiyalar inson organizmidagi genetik jarayonlar ustidan misli ko‘rilmagan nazorat imkonini yaratishi mumkin.
“Genetik kod qanday ishlashini tushunishning yagona yo‘li — mavjud DNK zanjiriga o‘zgartirishlar kiritishdir,” — deydi professor Bill Ernshou, sun’iy inson xromosomalarini yaratish bo‘yicha yetakchi mutaxassis.
Mutaxassislar ushbu ilmiy yutuqlar tibbiyotda katta imkoniyatlar ochishi mumkinligini, ammo bir vaqtning o‘zida katta xavotirlarni ham yuzaga keltirayotganini ta’kidlashmoqda. Chunki texnologiyadan biologik qurol yaratish yoki inson genini manipulyatsiya qilish kabi xavfli maqsadlarda foydalanish ehtimoli mavjud.
Professor Tomas esa texnologiyaning tibbiyot kompaniyalari tomonidan noto‘g‘ri ishlatilishidan xavotirda. U sun’iy yaratilgan organlar yoki inson DNKsi ustidan huquqiy va axloqiy nazorat muhimligini ta’kidlaydi.
“Agar sun’iy inson DNKsi yaratilsa, bu texnologiya kimga tegishli bo‘ladi? Va undan qanday maqsadda foydalaniladi?” — deydi professor Tomas.
Ekspertlar ushbu ilmiy loyihani ehtiyotkorlik bilan kuzatib borish zarurligini qayd etmoqda. Chunki sun’iy DNK yaratilishi insoniyat tarixida mutlaqo yangi davrni boshlab berishi mumkin.