Chilining shimoliy qismida joylashgan Atakama cho‘lida — dunyodagi eng quruq hududlardan birida — qor yog‘di. Bu haqda cho‘l hududida joylashgan ALMA astronomik observatoriyasi vakillari ma’lum qildi.
“Bu aql bovar qilmas hodisa! Atakama cho‘li qor bilan qoplandi,” — deyiladi observatoriya tomonidan e’lon qilingan xabarda.
Atakama cho‘li Janubiy Amerikada, Tinch okeani sohilida joylashgan bo‘lib, g‘arbda Peru, sharqda esa Boliviya va Argentina bilan chegaradosh. U yerda ayrim hududlarga bir necha o‘n yilda bir marta yomg‘ir yog‘adi. Shu sababli, bu yer sayyoradagi eng quruq tabiiy zonalardan biri hisoblanadi.
Qor yog‘ishi mahalliy va xalqaro mutaxassislar tomonidan iqlimdagi noodatiy o‘zgarishlar bilan bog‘lanmoqda.
Atakama nega bunchalik quruq?
Cho‘lning quruqligiga bir nechta omil sabab bo‘ladi: sharqdan And tog‘lari namlik olib keluvchi bulutlarni to‘sib qo‘yadi, g‘arbdagi sovuq Gumboldt okean oqimi esa yog‘ingarchilik hosil bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi. Natijada cho‘lning ayrim hududlarida yillar davomida birorta ham yomg‘ir qayd etilmaydi.
Astronomlar uchun noyob joy
Quruq havo, baland tog‘ yassitekisliklari va bulutsiz osmon tufayli Atakama dunyodagi eng yaxshi astronomik kuzatuv joylaridan biri hisoblanadi. ALMA radioteleskoplar majmuasi ham shu yerda, dengiz sathidan taxminan 5000 metr balandlikda joylashgan. Olimlar Atakamaning ayrim hududlarini Mars sharoitiga o‘xshashligi uchun kosmik texnikalarni sinashda ham foydalanadi.
