Toshkent shahrida umumiy og‘irligi 2,06 kilogramm bo‘lgan va tashqi ko‘rinishi bo‘yicha quyma oltinga o‘xshatilgan oddiy metall buyumlarini 70 000 AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan ikki fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament axborot berdi.
Ma’lum qilinishicha, ilgari firibgarlik va boshqa jinoyatlar uchun sudlangan H.U. va A.D. ismli shaxslar o‘zaro til biriktirib, oddiy metallga oltin rang berib, unga “999,9” tozalikdagi oltin tamg‘asini qo‘ygan holda uni quyma oltin sifatida tayyorlashgan. Ular ushbu soxta buyumlarni fuqarolar M.S. va R.L. ga 70 000 dollar evaziga sotishga kelishgan.
Tezkor tadbir davomida gumondorlar 35 000 AQSh dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 227-moddasi (hujjatlar, muhurlar, tamg‘alar va davlat raqam belgilarini soxtalashtirish yoki yashirish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.