Ichki ishlar xodimi niqobi ostida fuqaroni aldashga uringan advokat va uning sherigi hibsga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) Call-markaziga kelib tushgan murojaat asosida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ma’lum qilindi.
Rasmiylarga ko‘ra, ilgari firibgarlik jinoyati uchun sudlangan, 1980-yilda tug‘ilgan Toshkent shahri fuqarosi o‘zining sherigi — poytaxtda faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi vakilini Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamentida yuqori lavozimda ishlovchi xodim sifatida tanishtirgan. Ular 2024-yilda sud hukmi bilan 8 yil 7 oyga ozodlikdan mahrum etilgan va hozirda Buxoro viloyatidagi 1-son jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumni Toshkent viloyatidagi 7-sonli muassasaga ko‘chirish evaziga arizachidan 5 ming AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida gumondorlar pulni olayotgan vaqtda ushlandi. Ular ustidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddalari (pora berish va olishga suiqasd) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.