Amerikalik milliarder Ilon Maskga tegishli SpaceX kompaniyasining Starship raketasi to‘qqizinchi sinov parvozida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Kompaniya 28-mayga o‘tar kechasi X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida bu haqda ma’lum qildi.
“Starship tez va rejasiz ravishda vayron bo‘ldi. Jamoalar hozirda ma’lumotlarni tahlil qilmoqda va navbatdagi sinov parvoziga tayyorgarlik ko‘rmoqda”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Raketa 27-may kuni Teksasdagi Starbase kosmodromidan Toshkent vaqti bilan 28-may soat 04:36 da uchirildi. Ammo parvozning qariyb yarim soatidan keyin raketaning ikkinchi bosqichi bilan aloqa uzildi.
AFP agentligi ma’lumotiga ko‘ra, raketa atmosferaga nazoratsiz kirib kelgan va yonib ketgan. Parchalari esa Hind okeani uzra sochilgan.
SpaceX hodisaga yoqilg‘i sizib chiqishi sabab bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Starship balandligi 123 metr bo‘lib, dunyodagi eng yirik va qudratli kosmik raketa hisoblanadi. SpaceX bu raketani qayta foydalaniladigan qurilma sifatida takomillashtirishni maqsad qilgan. Bu esa kosmik parvozlar narxini keskin pasaytirishi kutilmoqda.
Ilon Maskning bayonotiga ko‘ra, Starship 2026-yilda Marsga parvoz qilishga tayyor bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Starship’ning oldingi sakkizta sinovidan to‘rttasi ham portlash bilan yakunlangan. Mart oyida sodir bo‘lgan hodisada raketaning yuqori pog‘onasi portlab, Baham orollari uzra vayronalar sochilgan. Yanvarda esa o‘xshash voqea natijasida Turks va Kaykos orollariga qulagan.