Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQShning Hindistondagi elchisi Serjio Gor bilan birga Hindiston sohillari yaqinida turgan “USS George Washington” aviatashuvchi kemasida bo‘ldi.
Bu haqda Saida Mirziyoyeva 22-noyabr kuni o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi. Uning yozishicha, tashrif davomida kemaning tuzilishi va texnologiyalari bilan tanishilgan, ekipaj a’zolarining faoliyati kuzatilgan.
Serjio Gor 2025-yil noyabridan AQShning Hindistondagi elchisi lavozimida ishlaydi. U bir vaqtning o‘zida AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili hamdir.
“USS George Washington” qanday kema?
“USS George Washington” (CVN-73) — AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining “Nimitz” turidagi atom energiyasida ishlaydigan aviatashuvchisi. U dunyodagi eng yirik harbiy kemalar qatoriga kiradi.
Hind nashrlarining yozishicha, kema noyabr oyida Hindiston yaqinidagi suvlarda bo‘lgan va AQSh elchisi uning bortida Hindiston–AQSh mudofaa hamkorligi haqida gapirgan.




