Iqtisodiyot va moliya vazirligi Vengriyaning OTP Bank bilan Ipoteka-bankdagi davlatning qolgan 17,5 foiz ulushini sotish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Bitim yakunlangach, OTP Group ulushi 90,4 foizga yetadi; bank mijozlari uchun shartnomalar o‘zgarmaydi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, bank xususiylashtirilishi 2022-yilda imzolangan oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha ikki bosqichda rejalashtirilgan edi. Ikkinchi bitim narxi bankning moliyaviy ko‘rsatkichlariga bog‘langan.
Vazirlik so‘nggi to‘rt yilda bankning moliyaviy natijalari va mamlakat iqtisodiy sharoiti sezilarli yaxshilanganini, shu sabab dastlabki shartnomaning ayrim shartlari qayta ko‘rib chiqilganini bildirdi. Taraflar xususiylashtirishning ikkinchi bosqichini qisqa muddatda yakunlash uchun qo‘shimcha kelishuv imzoladi. Bitim narxi va batafsil shartlari ochiq e’lon qilinmagan.
Ipoteka-bank matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, qo‘shimcha kelishuv 20-noyabrda imzolangan. Aksiyalar xaridorga moliyaviy hisob-kitob yakunlanib, huquqlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilgach o‘tadi.
Mijozlar nima qilishi kerak?
Hech narsa qilish shart emas. Bank xabariga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish odatdagidek davom etadi, mavjud shartnomalar o‘zgarmaydi.
OTP bankni qachon sotib olgan edi?
OTP Bank 2023-yil iyunida davlatning 73,71 foiz ulushini 324 million dollarga sotib olgan. Bank ma’lumotiga ko‘ra, shundan beri muammoli kreditlar ulushi bir yil ichida 10,2 foizdan 2,6 foizgacha kamaygan, tarmoq bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa 3,2 foizni tashkil etadi.



