O‘zbekistonda xorijdan olib kirilayotgan smartfonlarning qo‘shimcha tekshiruvga yuborilishi va tezkor rasmiylashtirish uchun 1100 dollargacha pul so‘ralayotgani haqidagi xabarlar jamoatchilikda savollar tug‘dirdi. Iqtisodchi Otabek Bakirov yangi talablarning huquqiy asosini so‘ramoqda, boshqa blogerlar esa vaziyatga kinoyali munosabat bildirdi. Shu orada Toshkentdagi “Malika” savdo majmuasida iPhone narxlari 150–200 dollarga oshgani aytilmoqda.
Avvalroq 6-noyabrdan O‘zbekistonga olib kirilayotgan ayrim mobil qurilmalar ustidan bojxona nazorati kuchaytirilgani, telefonlar 30 kungacha qo‘shimcha ekspertizaga yuborilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Ayrim fuqarolar telefonni bir kunda rasmiylashtirish uchun 400 dollardan 1100 dollargacha to‘lov talab qilinayotganini bildirgan. Hozircha ushbu summalar rasmiy tarif sifatida tasdiqlanmagan.
Otabek Bakirov: “Bu narxlarni kim belgiladi va kimning cho‘ntagiga tushadi?”
Iqtisodchi Otabek Bakirov holatni keskin tanqid qilib, fuqarolarga yangi talablar qo‘yilayotganda ularning huquqiy asosi ochiq tushuntirilishi kerakligini ta’kidladi.
U 30 kunlik ekspertiza qaysi hujjat bilan joriy etilgani, uni kim tasdiqlagani va tekshiruvni qaysi tashkilot o‘tkazishi haqida savollar berdi.
“30 kunlik ekspertizani qayerdan olishgan? Qaysi hujjat bilan bu talablar kiritildi? Kim tasdiqlagan bu hujjatni?”
Bakirov, shuningdek, tezkor rasmiylashtirish uchun aytilayotgan 400–1100 dollarlik summalarning kelib chiqishiga ham e’tibor qaratdi.
“Bu narxlarni kim belgiladi va kimning cho‘ntagiga tushadi?”
Iqtisodchi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqobat qo‘mitasidan ham ushbu masalaga munosabat bildirishni so‘radi. Uning fikricha, telefonlar bilan bog‘liq vaziyat iste’molchilarga qo‘shimcha xarajat va noaniqlik tug‘dirmoqda.
Muhrimbek A’zamxo‘jayev va Kainbek vaziyatga kinoya qildi
Jurnalist Muhrimbek A’zamxo‘jayev vaziyat yuzasidan kinoyali post e’lon qildi.
U mazkur muammo ortidan quyi bo‘g‘indagi biror xodim javobgar qilib ko‘rsatilishi mumkinligiga ishora qildi.
“Va kimdir jazolanishi kerak-ku, shu mashmasha fonida Toshkent aeroporti bojxonasi boshlig‘ining o‘rinbosarining yordamchisi ishdan olinsa kerak”.
Muallif bu holatni “Xavfsiz talaba” bilan bog‘liq vaziyatda universitet fakulteti dekanining ishdan olinishi haqidagi voqeaga qiyosladi.
Kainbek kanali esa AQShda ishlab chiqaruvchi kompaniya mahsulotlariga O‘zbekistonda qo‘shimcha boj solinayotgani haqidagi muhokamalarga kinoya bilan munosabat bildirdi:
“Trampga yozish kerakmikin Amerika tovarlariga boj solishyapti, deb”.
Kurbanoff: “Nega ayrim holatlar sabab hammaga muammo yaratilishi kerak?”
Kurbanoff ham qo‘shimcha tekshiruvlar qanchalik asosli ekanini savol ostiga oldi.
Uning fikricha, IMEI-kodlarni soxtalashtirish holatlari mavjud bo‘lsa ham, bunga qarshi kurash oddiy fuqarolar uchun ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmasligi kerak.
“Bir, besh yoki hatto yuzta holat sabab nega hammaga muammo yaratish kerak?”
Uning ta’kidlashicha, qo‘shimcha tekshiruvlarning salbiy oqibatlari kontrabandachilardan ko‘ra oddiy xaridorlarga ko‘proq ta’sir qilishi mumkin.
Kainbek kanalida bojxona to‘lovlari jadvali ham tarqaldi
Muhokamalar davomida turli iPhone modellari uchun hisoblangan bojxona to‘lovlari aks etgan jadval surati ham e’lon qilindi.
Unda qurilmaning qiymati hamda belgilangan bojsiz olib kirish me’yori mavjud yoki mavjud bo‘lmagan holatda to‘lanadigan summalar alohida ko‘rsatilgan.
Masalan, jadvalda iPhone 18 Pro (256 GB) uchun bojxona to‘lovi 116,52 yoki 416,52 dollar, iPhone 18 Pro Max (256 GB) uchun esa 149,19 yoki 449,19 dollar sifatida qayd etilgan.
Farq telefonni olib kirishda bojsiz me’yor qo‘llanishi yoki qo‘llanmasligiga bog‘liq.
Biroq jadvalning qaysi idora tomonidan va qachon tayyorlangani tasdiqlanmagan. Undagi summalarni barcha xaridorlar uchun bir xil amal qiladigan yakuniy to‘lov deb qabul qilib bo‘lmaydi.
Shuningdek, jadvaldagi bojxona to‘lovlari fuqarolar aytayotgan 400–1100 dollarlik «tezkor rasmiylashtirish» summalarining qonuniyligini tasdiqlamaydi.
“Malika”da iPhone narxlari oshgani aytilmoqda
Bojxona tekshiruvlari haqidagi xabarlar ortidan Toshkentdagi “Malika” savdo majmuasida faoliyat yurituvchi do‘konlardan biri iPhone narxlari taxminan 150–200 dollarga oshganini bildirdi.
Savdo nuqtasi bu holatni import va IMEI bilan bog‘liq nazorat jarayonlari kuchaygani bilan izohlagan.
Hozircha bunday narx o‘zgarishi butun bozor bo‘yicha kuzatilayotgani mustaqil tasdiqlanmagan. Shunga qaramay, sotuvchining xabari bojxona tartiblaridagi o‘zgarishlarning chakana savdoga ta’siri masalasini kun tartibiga olib chiqdi.
Bojxona qo‘mitasi qanday izoh berdi?
Bojxona qo‘mitasi qo‘shimcha nazorat choralarini IMEI-kodlarni soxtalashtirish va klonlash, boshqa qurilmalarning identifikatorlaridan noqonuniy foydalanish hamda mobil telefonlar kontrabandasi holatlari bilan izohlagan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonga 4 millionta mobil qurilma rasman import qilingan va ular hisobidan davlat budjetiga 1,6 trillion so‘m bojxona to‘lovlari tushgan.
Biroq e’lon qilingan izohlarda aynan qaysi holatlarda telefon 30 kungacha ekspertizaga yuborilishi va tezkor rasmiylashtirish uchun aytilayotgan yuqori summalarning huquqiy asosi batafsil tushuntirilmagan.
