Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 994.10 +6.94 EUR 13 420.20 +26.95 RUB 145.79 −0.50

Tadbirkorlarni tekshirish tartibi qayta ko‘rib chiqilmoqda: nimalar o‘zgaradi?

Tadbirkorlarni tekshirish tartibi qayta ko‘rib chiqilmoqda: nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan tekshirish tartibini yangilash taklif etilmoqda. Yangi qonun loyihasida tekshiruv muddatlari, ularni o‘tkazish asoslari, tadbirkorlarning e’tiroz bildirish huquqi va nazorat organlarining javobgarligiga oid qoidalar batafsil belgilanmoqda.

“Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Hujjat bilan 1998-yilda qabul qilingan “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi qonunni almashtirish ko‘zda tutilgan. Unda amaldagi nazorat mexanizmlari yagona qonun doirasida tartibga solinib, ayrim jarayonlar yanada batafsil belgilanmoqda.

Tekshiruv muddatlari qanday o‘zgaradi?

Amaldagi qonunda tekshiruvlar uchun umumiy yuqori chegara 30 kalendar kun etib belgilangan. Biroq ayrim tekshiruv turlari uchun alohida muddat va tartiblar ham mavjud.

Yangi loyihada esa tekshiruvlarning davomiyligi ularning turiga qarab aniq ajratilmoqda.

Odatdagi xabardor qilish tartibidagi tekshiruv
10 kun
Kalendar kun
Moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish
30 kun
Kalendar kun
Tekshiruv boshlangach xabardor qilinadigan shoshilinch tekshiruv
1 kun
Ish kuni
Qonun loyihasida taklif etilayotgan eng ko‘p muddatlar. Ushbu tartib hozircha tasdiqlanmagan.

“Reyd” yoki “o‘rganish” nomi bilan tekshiruv o‘tkazish mumkinmi?

Loyihada davlat nazoratining to‘rtta shakli belgilangan: axborotni tahlil qilish, monitoring, profilaktika tadbirlari va tekshiruv.

Qonun loyihasiga ko‘ra, quyidagi nomlar ostida belgilangan tekshiruv tartibini chetlab o‘tishga yo‘l qo‘yilmaydi:

O‘rganish
Xatlov
Reyd
Kuzatuv
Ishchi guruh
Oddiy monitoring davomida nimalar mumkin emas?
✕ Hujjatlarni majburiy talab qilish
✕ Tadbirkorning hududiga yoki binosiga kirish
✕ Mahsulotlar va uskunalarni tekshirish

Bunday harakatlar tegishli qonuniy asos va belgilangan tekshiruv tartibi doirasida amalga oshirilishi kerak.

Shuningdek, loyihaga ko‘ra, anonim murojaatlar yoki aniq huquqbuzarlik faktlari ko‘rsatilmagan shikoyatlar tekshiruvni boshlash uchun asos bo‘lmaydi.

Tekshiruv natijasiga e’tiroz bildirish tartibi qanday bo‘ladi?

Loyihada tadbirkorlarning tekshiruv natijalariga e’tiroz bildirish jarayoni ham batafsil tartibga solinmoqda.

1
Dalolatnoma taqdim etiladi
E’tiroz bildirish muddati tadbirkorga tekshiruv dalolatnomasi taqdim etilgan kundan hisoblanadi.
2
E’tiroz va dalillar yuboriladi
10
ish kuni ichida
yozma yoki elektron shaklda
Taqdim etilishi mumkin bo‘lgan materiallar:
Tushuntirish
E’tiroz
Ekspert xulosasi
Foto
Audio
Video
3
Materiallar ko‘rib chiqiladi
Huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash yoki e’tirozlarni hal etish zarur bo‘lsa, materiallarni nazorat organining rahbari yoki uning o‘rinbosari ko‘rib chiqadi.

Xolislik kafolati
Tekshiruvni bevosita o‘tkazgan mansabdor shaxs materiallarni ko‘rib chiqishi va ular yuzasidan qaror qabul qilishi mumkin emas.

Huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash zarur bo‘lganda, materiallar nazorat organining rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Noqonuniy tekshiruvning oqibatlari qanday bo‘ladi?

Amaldagi qonunchilikda tadbirkorlarning noqonuniy tekshiruvlardan himoyalanish huquqi mavjud. Yangi loyihada esa tekshiruvni qonunga xilof deb topish asoslari va uning oqibatlari batafsil bayon etilmoqda.

Jumladan, noqonuniy tekshiruv natijalarining yuridik kuchga ega bo‘lmasligi, uning asosida qabul qilingan qarorlarni bekor qilish va tadbirkorga yetkazilgan zararni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplash nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, qonunga xilof tekshiruvni tayinlagan, tashkil etgan yoki o‘tkazgan mansabdor shaxslarning javobgarligi ham belgilangan.

Elektron nazorat tizimida qanday tartib bo‘ladi?

Tekshiruvlarni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish va xavfni tahlil qilish asosidagi tekshiruvlar haqida, umumiy qoida bo‘yicha, kamida 10 ish kuni oldin ogohlantirish talabi amalda mavjud.

Yangi loyihada ushbu tartiblar ham aks ettirilib, “Biznes himoya” QR-kodi, tekshiruvchilarning elektron maxsus guvohnomasi va tekshiruvlarni elektron qayd etish mexanizmlari qonun darajasida batafsil tartibga solinmoqda.

Bu orqali tadbirkorlarning tekshiruv asosi, muddati, dasturi va uni o‘tkazuvchi mansabdor shaxslar haqidagi ma’lumotlarga elektron shaklda ega bo‘lishi nazarda tutilgan.