O‘zbekistonda kartadan kartaga pul o‘tkazish uchun komissiya to‘lamaslik imkonini beruvchi bir qator mobil ilovalar mavjud. Ayrimlarida oyiga 1–10 million so‘mgacha bepul o‘tkazish mumkin, boshqalarida esa maxsus karta yoki obuna talab qilinadi. Jarayon.uz ushbu xizmatlarning amaldagi shartlarini o‘rgandi.
Bugun bank kartasidan boshqa kartaga pul yuborish kundalik ehtiyojga aylangan. Biroq barcha ilovalarda bu xizmat bepul emas. Hatto bir ilovaning o‘zida ham pul qaysi kartadan yuborilayotganiga qarab komissiya farqlanishi mumkin.
Qaysi ilovalarda pul o‘tkazish bepul?
2026-yil 9-noyabr holatiga ochiq e’lon qilingan ma’lumotlar asosida ayrim ilovalarning komissiyasiz o‘tkazma limitlari quyidagicha:
| Ilova | Komissiyasiz o‘tkazma | Asosiy shart |
|---|---|---|
| BRB | 10 mln so‘m/oy | BRB kartasidan boshqa bank kartasiga |
| Alliance Pay | 10 mln so‘m/oy | Belgilangan oylik limit |
| Hamkor | 5 mln so‘m/oy | Hamkorbank kartasidan |
| Openbank | 5 mln so‘m/oy | Boshqa bank kartalariga |
| Paynet | 3–5 mln so‘m/oy | Transfer paketi va bonus tangalar |
| MyTuron | 3 mln so‘m/oy | Uzcard va Humo kartalariga |
| Milliy | 3 mln so‘m/oy | Masofaviy identifikatsiyadan o‘tish |
| Alif mobi | 1 mln so‘m/oy | Identifikatsiyadan o‘tish |
Jadvaldagi limitlar ilovaning barcha xizmatlari yoki barcha karta turlari uchun bir xil amal qiladi degani emas. Bank kartasi, o‘tkazma yo‘nalishi va foydalanuvchining maqomiga qarab shartlar farqlanishi mumkin.
TBC Salom kartasida qanday imkoniyat bor?
TBC Bank ma’lumotiga ko‘ra, Salom kartasi orqali TBC ilovasida komissiyasiz pul o‘tkazish imkoniyati mavjud. Bunda bepul o‘tkazmalarga alohida oylik komissiyasiz limit belgilanmagan, biroq operatsiyalarning umumiy xavfsizlik va texnik cheklovlari saqlanadi.
Payme ilovasida esa 27-oktabrdan TBC Salom kartasi orqali oyiga 50 million so‘mgacha komissiyasiz o‘tkazma amalga oshirish imkoniyati joriy qilingan. Buning uchun payme plus va TBC Plus yagona pulli obunasi talab etiladi.
UzumBankda-chi?
Uzum Bank ilovasida Uzum kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari komissiyasiz.
Boshqa banklarning Uzcard va Humo kartalariga o‘tkazmalarda esa alohida tariflar amal qiladi. Bank saytida ayrim o‘tkazmalar uchun 0,2 yoki 0,9 foizlik komissiya ko‘rsatilgan.
Pul yuborishdan oldin nimani tekshirish kerak?
Komissiyasiz xizmat har doim ham cheksiz va shartsiz bepul degani emas. Ayrim banklar faqat o‘zi chiqargan kartadan o‘tkazmalarga imtiyoz beradi. Boshqalarida identifikatsiya, bonus to‘plash yoki pulli obuna talab etiladi.
Shu sababli pul yuborishdan oldin ilovada qolgan bepul limit, tanlangan karta va tasdiqlash oynasidagi komissiya miqdorini tekshirish kerak.
Banklar va to‘lov tashkilotlari tariflarni o‘zgartirishi mumkin. Maqoladagi ma’lumotlar 2026-yil 9-noyabr holatiga tegishli.
