Toshkent shahrida 2026–2027-yilgi isitish mavsumining boshlanish sanasi hozircha belgilanmagan. Poytaxt hokimligining ma’lum qilishicha, markazlashgan isitish tizimini ishga tushirishda havo harorati hisobga olinadi. Biroq havo keskin sovib ketgan taqdirda isitishni boshlash haqidagi qaror ertaroq qabul qilinishi mumkin.
Toshkent shahar hokimligi aholining isitish mavsumi qachon boshlanishi haqidagi murojaatlariga munosabat bildirib, tegishli tartibga ko‘ra, o‘rtacha sutkalik havo harorati ketma-ket besh kun davomida +8 darajadan past bo‘lishi kerakligini eslatdi.
Shu bilan birga, hokimlik avvalgi yillardagi tajribadan kelib chiqib, qaror qabul qilishda haqiqiy ob-havo sharoiti ham inobatga olinishini bildirdi.
“Avvalgi yillardagi kabi haqiqiy ob-havo sharoitini hisobga olamiz va havo keskin sovib ketsa, qaror qabul qilishni kechiktirmaymiz”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Ayni paytda shahar xizmatlari va “Veolia Energy Tashkent” mutaxassislari isitish tizimlarini mavsumga tayyorlash ishlarini olib bormoqda. Issiqlik uzatish boshlanadigan sana haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilgan.
O‘tgan yillarda Toshkentda isitish qachon yoqilgan?
So‘nggi yillarda poytaxtda isitish mavsumi asosan oktyabrning ikkinchi yarmi yoki noyabr boshida boshlangan. Xususan, 2025-yilda ijtimoiy soha obyektlariga 3-noyabrdan, ko‘p kvartirali turar joylarga esa 5-noyabrdan issiqlik berilgan.
Quyidagi jadvalda aynan ko‘p kvartirali turar joylarga issiqlik berish boshlangan sanalar keltirilgan.
Toshkentda isitish qachon boshlangan?
2020–2025-yillarda ko‘p kvartirali turar joylarga issiqlik berish boshlangan sanalar.
5-noyabr
7-noyabr
8-noyabr
24-oktyabr
14-oktyabr
17-oktyabr
12-noyabr
Izoh: Diagrammada ustun uzunligi 1-oktyabrdan boshlab hisoblangan. Sanalar avvalgi yillar bo‘yicha e’lon qilingan ma’lumotlarga asoslangan.
2023-yilda isitish dastlab 6-noyabrda boshlanishi rejalashtirilgan, biroq texnik muammolar sabab ko‘p qavatli uylarga muntazam issiqlik berish 8-noyabrdan yo‘lga qo‘yilgan. 2024-yilda esa tizimga issiqlik uzatish 5-noyabrda boshlanib, obyektlarni bosqichma-bosqich ulash 7-noyabrga belgilangan.
Demak, so‘nggi uch yilda Toshkentda turar joylarni isitish noyabrning birinchi haftasida boshlangan. Biroq bu yil ham aynan shu sanalarda issiqlik beriladi, degan xulosaga kelib bo‘lmaydi.
Hozircha 2026–2027-yilgi isitish mavsumi qachon boshlanishi rasman e’lon qilinmagan. Toshkent shahar hokimligi qaror ob-havo sharoitidan kelib chiqib qabul qilinishini bildirgan.
