Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 12 023.46 −42.76 EUR 13 461.47 +17.29 RUB 149.44 −0.30

Xorijga ishga ketayotganlar kamaydi, yuborilayotgan pul esa oshdi

Aeroport terminalida yuklari bilan ketayotgan yoʻlovchilar

Soʻnggi oʻn yilda chet elda mehnat qilayotgan oʻzbekistonliklar soni ikki baravarga qisqargan boʻlsa-da, ularning oilalariga joʻnatayotgan pul miqdori toʻrt barobar koʻpaygan. Bu raqamlar 2-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mehnat migratsiyasiga bagʻishlangan yigʻilishda keltirildi.

 

Davlat rahbari bu oʻzgarishni yurtdoshlarimiz xorijga endi oddiy ishchi sifatida emas, kasbi bor mutaxassis sifatida chiqayotgani bilan bogʻladi. Uning soʻzlariga koʻra, ilgari mehnat migratsiyasi boʻyicha bor-yoʻgʻi 3 ta davlat bilan hamkorlik qilingan boʻlsa, hozir bu raqam 27 taga yetgan. Hamkor yirik xorijiy ish beruvchilar soni esa 400 ga yaqinlashgan.

 

Hududlar oʻrtasida katta farq

 

Yigʻilishda xorijda ishlayotgan bir kishi har oy oʻrtacha qancha pul joʻnatayotgani viloyatlar kesimida taqqoslandi. Fargʻona viloyatida bu koʻrsatkich 1 850 dollarga yetgan bir paytda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent viloyatida 400 dollardan ham past. Sirdaryoda oʻrtacha 500 dollar, Jizzax va Navoiyda 600 dollar, Surxondaryo va Xorazmda esa 700 dollardan oshmaydi.

 

Shu munosabat bilan hokimlar, elchilar va texnikum rahbarlariga odamlarni yuqori maoshli ishlarga tayyorlash boʻyicha faoliyatini qayta koʻrib chiqish topshirildi. Germaniya, Turkiya, Slovakiya va Qatarda xorijiy hamkorlarni mahalliy texnikumlar bilan bogʻlash borasida ijobiy tajriba borligi, boshqa davlatlardagi elchixonalar esa bu yoʻnalishda sust ishlayotgani qayd etildi.

 

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning oʻzida Germaniyadan 45 ming nafar mutaxassisga buyurtma kelgan, biroq ulardan atigi 2 ming nafari ishga joylashgan. Yigʻilishda kelasi yildan fuqarolarni chet elga ishga yuborish vazifasini xususiy sektordagi ishonchli bandlik agentliklariga topshirish rejasi ham maʼlum qilindi.

 

Pul oʻtkazmalari oʻsishda

 

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilda xorijdan jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekistonga 18,9 mlrd dollar pul oʻtkazilgan. Bu 2024-yilga nisbatan 28 foiz yoki 4,1 mlrd dollar koʻp. 2026-yilning birinchi yarmida esa oʻtkazmalar hajmi 9,3 mlrd dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga oshgan.

 

Manba: Prezident matbuot kotibi, Markaziy bank, UzA.