Tadbirkor Murod Nazarov Iman Invest kompaniyasi atrofidagi moliyaviy mojaro yuzasidan munosabat bildirdi. U kompaniyaga o‘zi ham sarmoya kiritganini ma’lum qilib, moliyaviy masalalar bo‘yicha mustaqil auditorlarning xulosalarini kutishga chaqirdi.
«Shaxsan men moliyaviy masalalar yuzasidan mustaqil auditorlarning xolis va asosli xulosalarini kutish tarafdoriman», — deyiladi Nazarovning ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan murojaatida.
Tadbirkorning aytishicha, u Iman Invest’ning maqsadlari va moliyaviy barqarorligiga ishongan holda loyihaga o‘z mablag‘ini kiritgan. Yuzaga kelgan vaziyatga qaramay, kompaniyaga bo‘lgan ishonchi hozircha saqlanib qolayotganini bildirgan.
Shu bilan birga, Nazarov investorlarning xavotirlari va o‘z haq-huquqlarini talab qilishini tabiiy holat deb baholagan. Uning fikricha, barcha savollarga ochiq, asosli va shaffof javob berilishi muhim.
Iman Invest atrofidagi mojaro nimadan boshlandi?
Eslatib o‘tamiz, 25-oktabr kuni Islom moliyasiga muvofiqlashtirish kengashi (IFCB) Iman Invest kompaniyasi bilan hamkorlikni to‘xtatganini e’lon qilgan edi.
Kengash vakili, islom moliyasi bo‘yicha auditor Mahmud Usmon kompaniya faoliyatida investorlar mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq jiddiy qoidabuzarliklar aniqlanganini da’vo qildi.
Uning bildirishicha, ayrim mablag‘lar kompaniyaning ichki hujjatlari va islom moliyasi tamoyillariga zid ravishda sarflangan. Jumladan, investorlar mablag‘lari hisobidan qimmatbaho avtomobillar va ko‘chmas mulk sotib olingani, boshqaruv xarajatlari qoplangani hamda kompaniyada 20 million dollarga yaqin moliyaviy kamomad mavjudligi haqida da’volar ilgari surilgan.
Mahmud Usmon bu holatlarga oid hujjatlarni ham jamoatchilikka taqdim etgan.
◴
Iman Invest: voqealar xronologiyasi
Mojaroning boshlanishidan Murod Nazarovning munosabatigacha bo‘lgan asosiy voqealar.
Kompaniya ayblovlarga qanday javob berdi?
Iman Invest asoschisi Rustam Rahmatov dastlab ushbu ayblovlarni rad etib, IFCB vakillari bilan yuzaga kelgan kelishmovchilikni xizmat haqlari va kompaniyadan ulush talab qilingani bilan izohlagan. Mahmud Usmon esa bu da’volarga qo‘shilmagan.
Keyinchalik Iman Holding tomonidan e’lon qilingan rasmiy izohlarda ayrim boshqaruv va moliyaviy jarayonlarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani tan olingan. Biroq kompaniya 20 million dollar miqdorida real zarar yoki kamomad mavjudligi haqidagi da’voni rad etgan.
Kompaniya ushbu summaga oid hisob-kitoblar muammoli qarzlar, ichki moliyaviy majburiyatlar va kelgusida olinishi kutilayotgan daromadlar bilan bog‘liqligini bildirgan.
Shuningdek, vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida mustaqil tashqi shar’iy audit boshlanganini ma’lum qilgan.
Investorlarning mablag‘lari taqdiri nima bo‘ladi?
Iman Invest bilan bog‘liq bahslar fonida kompaniyaga sarmoya kiritgan investorlarning mablag‘lari taqdiri asosiy savollardan biri bo‘lib qolmoqda.
OAVda keltirilgan kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Iman Holding tomonidan 2025-yil yakunida jalb qilingan investitsiyalar hajmi 23 million dollarga yetgani, yil davomida 11 450 nafar yangi investor qo‘shilgani bildirilgan.
Biroq ushbu ko‘rsatkichlar kompaniyaning hozirgi moliyaviy holati yoki investorlar oldidagi majburiyatlarini bajarish imkoniyatlarini to‘liq aks ettirmaydi.
Hozircha 20 million dollarlik kamomad haqidagi da’volar yuzasidan yakuniy mustaqil audit xulosalari ochiqlanmagan. Shu sababli kompaniyaning haqiqiy moliyaviy holati va investorlar mablag‘larining keyingi taqdiri bo‘yicha savollar ochiq qolmoqda.
