O‘zbekistonda sakkiz kishilik oilaning farovonligi to‘rt kishilik oilanikiga nisbatan yuqori ekani aniqlandi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi xabar berdi.
Tahliliy nuqtayi nazardan bir nechta avlodning bir uyda yashashi iqtisodiy jihatdan samarali hisoblanadi. Iqtisodchilar bu holatni “miqyos samarasi” (economiyes of scale) deb ataydi.
Ya’ni, birga yashovchi oila a’zolari umumiy daromadni baham ko‘rgan holda energiya, oziq-ovqat, turar-joy, parvarish va vaqt xarajatlarini kamaytiradi, bu esa farovonlik darajasining oshishiga olib keladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda miqyos samarasi koyeffisiyenti 0,7 foizni tashkil etadi. Bu esa sakkiz kishilik oila to‘rt kishilik oilaga nisbatan jon boshiga 23 foizga yuqoriroq farovonlik darajasiga ega bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Usmon Sharifoxodjayev Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha Butunjahon sammiti doirasida Turkiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Oila ijtimoiy taraqqiyot va integratsiyaning tamal toshi: barqaror kelajak sari strategik yondashuv” nomli maxsus tadbirda oilaning iqtisodiy samaradorligi masalasiga to‘xtaldi.
Bundan avval Oʻzbekistonda aholi daromadlari eng past va yuqori hududlar eʼlon qilingandi. 2025-yilning yanvar–sentyabr holatiga fuqarolarning umumiy daromadlari 825,3 trillion soʻmni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan inflyatsiyani hisobga olganda 8,4 foizga koʻproq.
Mazkur davrda fuqarolarning jon boshiga moliyaviy tushumlari 21,8 million soʻmni tashkil etib, nominal oʻsish surʼati 116,1 foiz, real oʻsish surʼati esa 106,3 foiz darajasida qayd etilgan.
Hududlar kesimida jon boshiga eng yuqori daromadni 52 million soʻm bilan toshkentliklar koʻrgan. Undan keyingi oʻrinlarda fuqarolar 32,1 million soʻmdan foyda qilgan Navoiy va har bir odam 26 million soʻmlik moliyaviy tushumga erishgan Buxoro turibdi.
Avvalroq Oʻzbekistonda ilgari daromadsiz boʻlgan 73 ming oila ish haqi olayotgani xabar qilingandi. Soʻnggi yillarda “Inson” markazlari orqali 600 mingdan ortiq oila ijtimoiy xizmatlardan foydalangan.
