Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 8-iyul kuni Buyuk Britaniyaga rasmiy tashrif bilan keldi. Bu uning Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqqanidan keyingi ilk tashrifi bo‘ldi.
Samolyotdan birinchi bo‘lib tushgan Makron orqasidan kelayotgan rafiqasi Brijitga yordam berish niyatida unga qo‘l uzatgan. Biroq Brijit Makron uning qo‘lini ushlamay, trap tutqichidan o‘zi ushlab pastga tushgan. Buni ko‘rgan prezident Makron hech qanday ortiqcha harakat qilmasdan, qo‘lini tushiradi va darhol uni kutib olayotgan shahzoda Uilyam hamda malika Keyt Middlton tomonga buriladi.
Ya’ni, Makron bu noqulay holatga sokin, rasmiy va xotirjam tarzda munosabat bildirgan — hissiyotini bildirmagan, e’tiborni diplomatik qabulga qaratgan.
Ushbu holat Britaniya OAV e’tiboridan chetda qolmadi, bu tasvirlar tarmoqlarda keng tarqaldi, deb xabar berdi The Daily Mirror nashri.
Prezident juftligi RAF Northolt harbiy aviabazasida shahzoda Uilyam va malika Keyt tomonidan kutib olindi. Tashrif Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqqanidan so‘ng, Yevroittifoq yetakchilaridan biri tomonidan amalga oshirilgan birinchi rasmiy safar sifatida qayd etilmoqda.
Bu Makronlar oilasining ilk marta e’tibor markazida bo‘lishi emas. May oyida Vyetnamga safar chog‘ida Brijit Makron samolyot eshigi oldida eriga hazil tariqasida shapaloq bergan. Yelisey saroyi buni juftlikning rasmiy tadbirlar oldidan kayfiyatni yengillashtirish usuli deya izohlagan.
Tashrif davomida siyosiy uchrashuvlar bilan birga, Makronlar oilaviy lahzalari ham jamoatchilikda muhokama mavzusiga aylandi.