Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qo‘ng‘irot tumanida fuqaro A.O. ni ishga joylashtirib qo‘yishni vaʼda qilgan ayol G.A. jinoyat ustida ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, tezkor tadbir Departamentning Qo‘ng‘irot tuman bo‘limi, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan. Unda aniqlanishicha, Obodonlashtirish boshqarmasining yordamchi xodimlar bo‘limida ishlovchi G.A. fuqaro A.O.ning ishonchiga kirib, uni Nukus shahar obodonlashtirish boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 10 million so‘m olgan.
G.A. pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) hamda 28 va 211-moddalari (Pora berishga undash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.