O‘zbekistonda alimentning eng kam miqdorini oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Senatning bugun bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasiga bu borada parlament so‘rovi yuborish haqida qaror qabul qilindi.
Senatorlar hozirgi aliment miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan deyarli ikki baravar kamligini ta’kidlashdi. Amaldagi Oila kodeksining 99-moddasiga ko‘ra, har bir bola uchun aliment miqdori ish haqi eng kam miqdorining 26,5 foizidan — ya’ni 306 ming so‘mdan — kam bo‘lmasligi belgilangan. Ish haqi eng kam miqdori ayni paytda 1 million 155 ming so‘mni tashkil etadi.
Yanvar oyidan boshlab O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari 669 ming so‘m etib belgilangan. Shunga ko‘ra, amaldagi aliment miqdori bu ko‘rsatkichdan ham ikki baravar past.
Senat qarorida aliment miqdorini bolaning yoshi va ehtiyojlarini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqish va ularning zaruriy ehtiyojlarini to‘liq qondirishi uchun zarur choralar ko‘rish taklif etildi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2023-yilda 5 697 kishi aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 35 foizga oshib, 8 833 nafarga yetgan. O‘tgan yili jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar aliment bo‘yicha 1 109 ta ayblov hukmini chiqargan.